Joriy yilning 29-aprel kuni Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari U.Sadullayev va “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filiali vakillari uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda U.Sadullayev mehmonlarga soliq tizimida kadrlar malakasini oshirish va soliq sohasida ta'lim olayotgan talabalarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘nalishida olib borilyotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv davomida yuqori bilimlarga ega, zamonaviy o‘zgarishlarga moslashuvchan kadrlarni yetishtirishda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha mazkur taʼlim dargohi salohiyatidan foydalanish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi. Konstruktiv muloqot davomida o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari kelishib olindi.
Soliq qo‘mitasi hamda “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filiali o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Har ikki tomon vakillari ushbu hamkorlikdan manfaatdor ekanligini taʼkidlab, uzoq muddat davom etishiga ishonch bildirdilar.
Maʼlumot uchun. Sankt-Peterburg davlat universiteti 3 asrdan buyon (Pyotr I davridan) faoliyat yuritib kelayotgan kam sonli taʼlim dargohlaridan hisoblanadi. Kimyoviy elementlar jadvalini yaratgan mashhur olim Dmitriy Mendeleyev ham mazkur taʼlim dargohi bitiruvchisi bo‘lgan.
Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi