Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentabrdagi 595-son qarori bilan 2022-yil 1-yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar uchun:
- asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish;
- xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yo‘q qilinganda va hisobdan chiqarilganda 3 ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv (https://t.me/soliqnews/6617)” AATda aks ettirish majburiy etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 2-iyuldagi PQ-5171-son (https://lex.uz/docs/-5489509) qaroriga muvofiq tovar-moddiy resurslar harakatini masofadan hisobga olish tizimi – “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Hozirda ushbu tizimdan 24 ta korporativ va 7 ta budjet buyurtmachisi test rejimida foydalanmoqda.
“E-aktiv” AAT:
- mahsulotlar kirimi va qoldig‘i hisobini onlayn yuritish va kuzatib borish;
- tovarlar uchun yaratilgan bir yoki bir nechta elektron ombor yaratish;
- tovarlarni masofadan turib elektron ravishda ombordan omborga olib o‘tish;
- kirim qilinmagan tovarlarni sotish bo‘yicha EHF rasmiylashtirish holatlariga chek qo‘yish imkonini beradi.
Shuningdek EHFlarda MXIKlarning yagona elektron milliy katalogiga muvofiqligini hamda shartnomalar Yagona elektron shartnomalarning axborot portalida majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini taʼminlaydi.
Tizim sinov davomida takomillashtirilib boriladi, bunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosli takliflar inobatga olinadi.