2021-yil davomida Davlat soliq qo‘mitasi Ichki audit departamenti tomonidan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida hududiy soliq organlarida 7 048 ta holatda 7 622,9 mln so‘mlik kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Xususan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar 2 313,7 mln so‘mga kam hisoblanganligi va ayrim hollarda 2 579,7 mln so‘mga ko‘p hisoblangan bo‘lib, 1 558,2 mln so‘mi xodimlarga to‘lab berilishi va 1 740,1 mln so‘mi xodimlardan ushlab qolinishi ta’minlandi.
Shuningdek, 19 ta holatda 30,6 mln so‘mlik yoqilg‘i ortiqcha sarflanganligi, 2 ta holatda xizmat avtomashinasiga yetkazilgan zarar qoplanmaganligi, soliq organlari ma’muriy binolarini ijaraga berishda 7 ta holatda 20,2 mln so‘mlik ijara to‘lovlari undirilmaganligi, 11 ta holatda maxsus jamg‘arma mablag‘lari Davlat soliq qo‘mitasiga o‘tkazib berilmaganligi hamda asosiy vosita va TMZlarni sanoqdan o‘tkazishda 52,2 mln so‘mlik kamchiliklar aniqlanib, shundan 89,1 mln so‘mi bartaraf etilishi ta’minlandi.
Mazkur kamchiliklarning to‘liq bartaraf etilishi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, kelgusida bu kabi kamchiliklarning takrorlanishini oldini olish maqsadida mas’ul xodimlarga normativ - huquqiy hujjatlar talablari yuzasidan tushuntirish va ko‘rsatmalar berildi.