2019 yil 17 dekabrь kuni Davlat soliq qoʼmitasida “Halollik va shaffoflik – soliq toʼlovchilar ishonchining garovi” mavzusida jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda bugungi kunda soliq
tizimidagi dolzarb yoʼnalishlar tahlil etildi.
Xususan, davlat soliq xizmati
organlari tomonidan 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan
natijalar;
yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga
asosan 2020 yil 1 yanvardan amalga kiritilayotgan asosiy oʼzgarishlar;
rebrending oʼtkazilgani bois
endilikda soliq xizmati organlari yangi qiyofada namoyon boʼlib, servis
koʼrsatuvchi idoraga aylanayotgani;
korruptsiyaga qarshi kurashish
boʼyicha olib borilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi.
Davlat soliq qoʼmitasi
rahbariyati hamrohligida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar DSQ
huzuridagi Yirik soliq toʼlovchilar boʼyicha hududlararo davlat soliq
inspektsiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Inspektsiya jamoasi
oldiga qoʼyilgan vazifalar, faoliyat yoʼnalishi, istiqboldagi rejalar haqida
soʼzlab berildi.
Shundan soʼng DSQ rahbariyati
jurnalistlar va blogerlar bilan bir davra atrofida yigʼilib, tadbir interaktiv
usulda davom ettirildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda
DSQ faoliyatining ustuvor yoʼnalishi inson omilini qisman yoki butunlay istisno
qiladigan maxsus dasturiy mahsulotlarni yaratishga qaratilgan.
Shu bois 2020 yil 1 yanvardan
moratoriy bekor qilinishi bilan bir vaqtda, barcha joyda shaffoflik va
oshkoralikni taʼminlash uchun xavfni tahlil qilishning yangi tizimi joriy
etilmoqda.
Ushbu tizim mustaqil ravishda
tashqi aralashuvlarsiz, tadbirkorlar faoliyatini tahlil qilish va soliqqa oid
huquqbuzarlik xavfini baholash imkonini beradi.
Endilikda soliq organlari masʼul
xodimlari oʼzboshimchalik bilan kimni tekshirish va qaysi turdagi tekshirishni
qoʼllash boʼyicha qaror qabul qilish huquqiga ega emaslar: ushbu jarayonlarning
barchasi inson omilidan xoli boʼlgan avtomatlashtirilgan tizim tomonidan
bajariladi.
Xavflarni tahlil qilish
dasturiga muvofiq, amaldagi barcha xoʼjalik yurituvchi subʼektlar maʼlum
mezonlar asosida avtomatik ravishda 3 segmentga – yashil, sariq va qizil
yoʼlaklarga boʼlinadi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab onlayn
nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa apparatlari bosqichma-bosqich joriy
etiladi.
Bu savdo va xizmat koʼrsatish
sohasidagi hisob-kitoblarni yanada shaffof holga keltirish, yashirin naqd pul
aylanishini qisqartirish va jamoatchilik nazoratini oʼrnatishda muhim
ahamiyatga ega.
2020 yildagi yana bir muhim
yangilik, 1 yanvardan boshlab oʼzaro hisob-kitoblar tizimiga elektron
hisobvaraq-fakturalarni majburiy tartibda joriy etilayotgani bilan bogʼliq.
Elektron
hisobvaraq-fakturalardan foydalanish qator afzalliklarga ega. Jumladan,
hujjatlar almashinuvi juda qulay va xavfsiz boʼladi, soliqqa tortish va
hisobotlar jarayoni shaffof tarzda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, hozirda soliq
toʼlovchilarga koʼrsatilayotgan xizmatlar ustidan nazorat olib borish tizimi
ham joriy etildi.
Joylardagi huquqbuzarliklarning
oldini olish uchun respublikamizning barcha hududlaridagi davlat soliq xizmati
organlari (200 ta) fuqarolarni qabul qilish va ularga qanday darajada soliq
xizmatlari koʼrsatayotganini onlayn kuzatib borish uchun maxsus kameralar bilan
jihozlandi.
Ochiq va yuzma-yuz muloqot
tarzida oʼtgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha
savollarga DSQ rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan atroflicha javoblar
yoʼllandi.
Soliq toʼlovchilar bilan
munosabatlarni yanada yaxshilash yuzasidan oʼzaro fikr almashilib, anjuman
ishtirokchilarining takliflari mamnuniyat bilan qabul qilindi.
DSQ Matbuot xizmati