Aziz yurtdoshlar, Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan o‘z nomimdan, qolaversa, davlat soliq xizmati organlari jamoasi nomidan tabriklayman!
Ona tilimiz xalqimizning azaliy qadriyatlarini birlashtirib, milliy o‘zligimizni namoyon etuvchi ulkan maʼnaviy yutug‘imizdir.
O‘zbek tili bayramini o‘zgacha bir ruhda keng nishonlanishi ezgu anʼanaga aylanmoqda. Bu barchamizning qalbimizda ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimizni yanada oshiradi.
Bugunimiz va tariximizni bog‘lab turuvchi, shonli va sharafli yo‘llarni bosib kelayotgan ona tilimiz bugun davlat tili maqomida ulug‘vorligini namoyon etmoqda.
Darhaqiqat, keyingi yillarda tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentimiz tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-eʼtiborini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar imzolandi.
Ushbu muhim hujjatlarga muvofiq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo miqyosida ona tilimizning mavqei mustahkamlanib boryapti. O‘zbek tili xalqaro minbarlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash, ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan maʼnaviy boyligimizni kelajak avlodga asl holida yetkazish muqaddas burchimizdir.
Hurmatli yurtdoshlar, Sizlarni O‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor muborakbod etaman. Barchangizga sog‘lik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
Sherzod Kudbiyev,
Davlat soliq qo‘mitasi Raisi