Xabaringiz bor, Prezidentimizning 5813-sonli Farmoni bilan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori vositalari, benzin, dizel va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari 2020-yil 1-yanvardan, shuningdek, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha yillik tushimi 5 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida mazkur chegaraviy miqdorga yetgan tadbirkorlik sub’yektlari 2021-yil 1-yanvardan yangi turdagi kassa apparatlaridan foydalanish tartibiga o‘tishi belgilangan.
Shu bilan birga, qolgan barcha tadbirkorlik sub’yektlari 2022-yil 1-yanvardan onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa bilan ta’minlanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, joriy yil 1-yanvar sanasidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish tartibiga o‘tishi lozim bo‘lgan 1167 ta tadbirkorlik sub’yektlari mavjud.
Hozirgacha 641 ta sub’yektda, jumladan:
-Dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi aptekalarda 188 ta;
-Avtotransport vositalariga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 138 ta;
-Alkogol mahsuotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchilarda 279 ta ;
-Boshqa savdo turlari bilan shug‘ullanuvchi 36 ta tadbirkorlik sub’yektlari onlayn nazorat-kassa mashinalari foydalanilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq xizmati organi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari orasida Onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish tartibiga o‘tishning afzalliklari haqida profilaktik targ‘ibot ishlari davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi DSB
Matbuot xizmati