"Mening holatimni tekshirish" tizimi uchun korxona va uning rahbar (taʼsischilari)ning ish faoliyati muhim hisoblanadi. Agar rahbar yoki taʼsischilar ushbu korxona yoki boshqa subyektlardagi faoliyati doirasida soliq hisobotlari topshirish va to‘lash bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, u holda korxona soliq xavfi yuqori soliq to‘lovchi sifatida baholanadi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 595-son qaroriga (https://lex.uz/docs/-5650010) muvofiq, 2021-yil 22-dekabrdan QQS guvohnomasining berilmasligiga yoki mavjud guvohnomaning vaqtincha to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi. Soliq to'lovchi o‘zi va uning kontragent (xaridor)lari sotib olingan tovarlar (xizmatlar) uchun QQS summalarini hisobga olish huquqidan foydalana olmasligiga olib keladi.
Xavfni tahlil qilish tizimi yoqori xavf darajasini aniqlashda rahbar yoki taʼsischilarning faqat ayni bir korxona faoliyati doirasida emas, ular rahbar yoki taʼsischi sifatida aloqador bo‘lgan barcha subyektlar bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etish va to‘lash holatlarini tahlil qiladi.
Bugungi kunda soliq to‘lovchining rahbari bir vaqtning o‘zida boshqa soliq to‘lovchida (yuridik shaxsda) rahbar bo‘lib, ushbu soliq to‘lovchida soliq qarzi mavjudligi yoxud soliq hisobotlari taqdim etilmaganligi holati bo‘yicha – 20 456 ta subyekt, soliq hisobotlari taqdim etilmaganlik holati bo‘yicha – 10 316 ta subyekt soliq xavfi yoqori bo‘lgan soliq to‘lovchi sifatida tasniflangan.
Holatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun:
- Ko‘rsatilgan mezonlarni inobatga olgan holda, rahbar nomzodi va taʼsischilar tarkibi qayta ko‘rib chiqilishi. Bunda yangi rahbar o‘z vaqtida soliq hisobotlarining topshirilishi va soliqlar to‘lanishini taʼminlashi;
- Amaldagi rahbar va taʼsischilar o‘zlari rahbar yoki taʼsischi sifatida aloqador bo‘lgan boshqa tashkilotlarda ham hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etish va soliqlarni to‘lash masalalarini tartibga solishlari, xususan, mavjud soliq qarzlarini to‘lashi;
- Amaldagi rahbar va taʼsischilar o‘zlari rahbar yoki taʼsischi sifatida ishtirok etayotgan barcha korxonalarni soliq xavfi yuqori korxonalar ro‘yxatida bo‘lmasliklarini taʼminlash choralarini ko‘rishi.
-Tadbirkorlik subyektlari barcha soliq hisobotlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq va boshqalar) bo‘yicha hisobotlar taqdim etish muddati o‘tib ketgan davrlar uchun hisob-kitoblarni taqdim etishlari lozim.