Hurmatli soliq to‘lovchilar!
Davlat soliq qo‘mitasida 2022-yil 27-yanvar kuni soliq maslahatchilari, auditor va buxgalterlar bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida soliq uzilishi ko‘rsatkichining (Tax gap) hisoblash algoritmini takomillashtirish zarurligi to‘g‘risidagi ekspert xulosalarini inobatga olgan holda quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Soliq uzilishining informatsion ko‘rsatkichlaridan foydalanish orqali bugungi kunga qadar 32 mingdan ortiq soliq to‘lovchining kontragentlarida to‘lov intizomini yaxshilash, shuningdek, imtiyozli aylanmalarni to‘g‘ri aks ettirish hisobiga “uzilish nuqtalari”ni qisqartirildi. Natijada o‘tgan davrda respublika bo‘yicha soliq uzilishi ko‘rsatkichi 0,37 dan 0,22 gacha pasaydi.
Shuningdek, 2022-yil 1-fevraldan soliq uzilishini hisoblash formulasiga soliq imtiyozlari va QQSning nol stavkasini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgaligini ma’lum qilamiz. Bu yana 13 ming soliq to‘lovchi uchun uzilish ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini berdi.
Ayni paytda, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida soliq to‘lovchining kontragentlari kesimida soliq uzilishi ko‘rsatkichi va tegishli uzilish hajmi bilan tanishish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, soliq uzilishi koeffitsiyenti faqat informativ xarakterga ega bo‘lib, kontragentlarni tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishga xizmat qiladi va soliq to‘lovchining QQS guvohnomasi holatiga ta’sir etmaydi.