Hisobotlardagi tafovutlarni kelib chiqish sabablarini tushuntirish, o‘tkazilish ehtimoli bo‘lgan tekshiruvlarni oldini olishda soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish maqsadida soliq organlari tomonidan tekshiruvdan oldingi tahlillar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillar davomida taqdim etilgan moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot va QQS hisobotida aks ettirilgan tovar (xizmat)larni realizatsiya qilishdan sof tushum ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi tafovutlar aniqlanmoqda.
Bunga sabab – moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot ko‘rsatkichlarini so‘m birlikda to‘ldirilib taqdim etilishidir.
Moliya Vazirligining 27.12.2002-yildagi “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni to‘ldirish bo‘yicha qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida” 140-sonli buyrug‘iga muvofiq “Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot” ming so‘m o‘lchov birligida to‘ldirishi belgilangan.
Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun – soliq to‘lovchilar tomonidan Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot ko‘rsatkichlari ming so‘m o‘lchov birligida to‘ldirilib taqdim etilishi lozim.
Ma’lumot uchun: yuqoridagi holatlar bo‘yicha 2021-yilda 11 367 ta tashkilot soliq hisobotlarida jami 4 488,1 mlrd so‘mlik tafovutlar aniqlangan.