Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi “Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish hamda soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 707-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha 5 nafargacha xodimlarni yollash huquqi berildi. (amaldagi tartibga asosan faoliyat turlariga qarab 1 nafardan 3 nafargacha edi)
Endilikda, yakka tartibdagi tadbirkorlar yollanma xodimlarini elektron tartibda shaxsiy kabinet yoki mobil ilova orqali orqali davlat soliq organlarida ro‘yxatga qo‘yishlari mumkin.
- Xodim yollamoqchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun
belgilangan tartibda bank hisobvarag‘i ochgandan so‘ng xodimlarni yollash huquqiga ega bo‘lishi;
- Yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o‘rtasida yozma shakldagi mehnat shartnomasi tuzishi;
- Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmasligi;
- Xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan faoliyat faqat bitta manzil bo‘yicha shoxobchada amalga oshirilishi belgilandi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarimiz uchun eslatma!
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan har bir yollagan xodimi uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblashi bilan birga to‘lov manbaida ushlab qolishlari hamda har oyning 15-sanasiga qadar daromad solig‘i hisobotini taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
Shuningdek, jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya asosida daromad solig‘i to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritish imkoniyati yaratildi.
Bunda, yakka tartibdagi tadbirkorlar olgan daromadlari yuzasidan soliqlarni hisoblashda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar chegirib tashlashlari mumkin.