Hurmatli soliq to‘lovchilar!
Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT) test rejimida ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur tizim tadbirkorlik subyektlariga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalar hisobini yuritish imkonini beradi.
Hozirda tizimni amaliyotga joriy etishning birinchi bosqichi olib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor elektron hisobvaraq-faktura va bojxona-yuk deklaratsiyalari asosida faqat kiruvchi va chiquvchi tovarlar oqimini avtomatik ravishda hisobga olishga qaratilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining taklif va murojaatlari asosida tizimni yirik avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi dasturiy mahsullari (1C, SAP va boshqalar) bilan integratsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
2022-yil 1-iyulgacha “E-aktiv” AATdan lozim darajada foydalanmaganlik uchun soliq to‘lovchilarga ta'sir choralari ko‘rilmasligini maʼlum qilamiz.
Ma'lumot uchun. “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimini 1C dasturiy mahsulining “Perfect Solutions” va “Venkon Group” integratorlari bilan integratsiyalash ishlari yakuniga yetkazildi.