Davlat soliq qo‘mitasi ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini masofadan elektron shaklda hisobga qo‘yish interaktiv xizmati – E-ijara dasturini sinovdan o‘tkazmoqda.
E-ijara xizmati yuridik va jismoniy shaxslarga 2020-yil 1-yanvardan tuzilgan ko‘chmas mulkni ijaraga berish yoki tekin foydalanish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, ularning ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvohnomani shakllantirish imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 595-son qaroriga muvofiq, yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan boshlab o‘n kun muddatda arizada ko‘rsatilgan yoxud boshqa ko‘chmas mulk ijarasi yoki tekin foydalanish shartnomasini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish sharti hamda mazkur shartni bajarmaslik yuridik shaxs o‘zi ko‘rsatgan joylashgan yerida (pochta manzilida) yo‘q deb e’tirof etish uchun asos bo‘lishi belgilangan.
(Eslatma Soliq kodeksi 111-moddasining 3-qisim 4-bandiga asosan soliq to‘lovchining (soliq agentining) o‘zi ko‘rsatgan manzilda yo‘qligi Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga sabab bo‘ladi.)
Shuningdek, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarni E-ijara xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazmaslik QQSni hisobga olish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini vaqtinchalik to‘xtatib turishga olib kelishi mumkin. Bu esa, soliq to‘lovchi o‘zi va uning kontragent (xaridor)lari sotib olingan tovarlar (xizmatlar) uchun QQS summalarini hisobga olish huquqidan foydalana olmasligiga olib keladi.
Shu bilan birga, soliq organlarida hisobga qo‘yilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan ko‘chmas mulk ob’ektlarida saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlari sanoqdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazilmasligi hamda soliq solish maqsadlarida soliq to‘lovchining omborida mavjud emas deb baholanadi.