O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining Axborot xati hamda soliq to‘lovchilar tomonidan kelib tushgan so‘rov va takliflar asosida yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari hisobot shakllariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, yuridik shaxslarning yer solig‘i bo‘yicha bir obyekt doirasida joylashib, yer maydon toifasi turlicha bo‘lgan, shuningdek, pasaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi lozim bo‘lgan yer maydonlarini alohida kiritish imkoniyati yaratildi.
Maʼlumot uchun, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i hisobotini 10510_12 sonli (oylik) va 10510_13 sonli (chorak) paket raqamli shakllarda taqdim etishlari mumkin (yer solig‘i hisobot shaklini to‘ldirish bo‘yicha qo‘llanma).
Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha maʼlumotnoma shaklida eng kam qiymat tatbiq qilinmaydigan ko‘chmas mulk obyektlarining maydoni, eng kam qiymatning kamaytiruvchi koeffitsiyenti alohida aks etirilishi imkoniyati yaratildi.
Endilikda tadbirkorlik subyektlari:
- suv haydash minoralari,
- rezervuarlar,
- soyabonlar,
- beton maydonchalar va devorlar (bordyurlar),
- boshqa shunga o‘xshash obyektlarni maʼlumotnoma shaklining 2-ilovasida mustaqil kiritishlari mumkin (mol-mulk solig‘i maʼlumotnoma shaklini to‘ldirish bo‘yicha qo‘llanma).
Eslatib o‘tamiz, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘iga aniqlashtirilgan maʼlumotnomani 1-aprelga qadar taqdim etgan korxonalarga nisbatan penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasi qo‘llanilmaydi.
Maʼlumot uchun, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i hisobotini 10401_23 sonli (oylik) va 10401_21 sonli (chorak) paket raqamli shakllarda taqdim etishlari mumkin.
Yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyozga ega korxonalar egaligidagi imtiyozga ega bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini hisobotda aks ettirish uchun shaxsiy kabinetidan “Soliq imtiyozlaridan foydalanish bo‘yicha murojaat” interaktiv xizmati orqali murojaat qilishi lozim.