Жавоб
2019-yil 1-yanvardan boshlab “Koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (Adliya Vazirligi 3077-son bilan 11.10.2018y. roʻyxatga olingan) asosan turar va noturar mulkni ijaraga berish shartnomasi soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.
Buning uchun, ijara beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilishi va uni soliq organlarida hisobga qoʻyish lozim.
Shartnomani hisobga qoʻyish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.
Hisobga qoʻyish ikkita usulda amalga oshiriladi.
1. Davlat soliq qoʻmitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga joylashtirilgan “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali yoki,
2. Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtgan joyidagi soliq inspeksiyasiga tashrif buyurgan holda.
Agar Sizda elektron raqamli imzo mavjud boʻlsa, my.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabinetingizga kirasiz va “Ijara shartnomalarini hisobga olish” xizmatini tanlab, hisobga qoʻyish boʻyicha SOʻROVNOMAni toʻldirasiz va unga pasportingiz hamda ijara shartnomasining elektron nusxasini biriktirib “Joʻnatish” tugmasini bosishingiz kifoya.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi 22.01.2019-y.