Xarid qilingan tovar (xizmat)lar qiymatidan 1% keshbekka ega bo‘lish imkoniyati isteʼmolchilar orasida tobora ommalashib bormoqda.
Xususan, mazkur tizim amaliyotga joriy etilgach, dastlabki 14 kunda:
☑️ keshbek olish uchun 401 604 ta QR-kodli chek ro'yxatga olindi;
☑️ jami keshbek summasi 5 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi;
☑️ “Soliq” mobil ilovasida 25 mingdan ortiq yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi (Android)/iOS).
Buni intizomli soliq to‘lovchilar safi kengayib borayotgani hamda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish ustidan jamoatchilik nazorati kuchaygani bilan izohlash mumkin.
Shu bilan birga, cheklardagi maʼlumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish, QR-kodli cheklarni bermaslik, boshqa shaxslarning cheklari hisobiga keshbekka ega bo‘lish kabi isteʼmolchilar huquqlarini poymol qiluvchi, keshbek amaliyotiga salbiy taʼsir etayotgan holatlarning yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda. Jumladan, savdo xodimlari tomonidan onlayn-NKM cheklarining nusxasi (dublikat)ni chop etgan holda xaridordan avvalroq ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari ko‘p uchramoqda.
Shu bois, isteʼmolchilar huquqlarini har tomonlama himoya qilish va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida quyidagi talablar o‘rnatilmoqda:
– QR-kodli chek birinchi marta SOLIQ mobil ilovasida skanerlanganda isteʼmolchi tomonidan kiritilgan telefon raqami bilan maʼlumotlar bazasida avtomatik ro‘yxatga olinadi. Qayta skanerlanganda qurilma ekranida chek qaysi raqam orqali ro‘yxatga olinganini ko‘rsatuvchi eslatma paydo bo‘ladi;
– har bir fuqaro bir kunda bitta savdo nuqtasidan 5 tagacha chekni ro‘yxatga olish tartibi joriy etilmoqda. 6-chek ro‘yxatdan o‘tkazilganda qurilma ekranida kunlik limit tugaganligi to‘g‘risida eslatma paydo bo‘ladi.
DSQ keshbek amaliyoti to‘g‘ri qo‘llanilishini doimiy nazorat qilib borish bilan birga, isteʼmolchilar firk-mulohazalarini inobatga olgan holda tizimni takomillashtirib boradi.