Soliq imtiyozlari
Quyidagilarning mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi:
1) “O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning.
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar.
3) sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).
4) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga;
5) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi.
Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi:
1) o‘n nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan birining. Mazkur imtiyoz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi asosida beriladi;
2) pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi;
3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;
Ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.
Ushbu soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga ko‘ra faqat bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk obyektiga tatbiq etiladi, bundan 4‑bandda ko‘rsatilgan shaxslar mustasno.
Soliq imtiyozlari
Soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:
1)“O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar.
3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;
4) yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi;
5) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir;
6) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar;
7) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar - qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga.
Ushbu soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda ko‘rsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan 7-bandda ko‘rsatilgan shaxslar mustasno.
Soliq kodeksining 378-moddasi.
Soliq solinmaydigan daromadlar
Quyidagi daromad turlariga soliq solinmaydi:
1) moddiy yordam summalari:
vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
ushbu Kodeksning 377-moddasida ko‘rsatilgan boshqa hollarda, — soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
2) soliq agenti tomonidan quyidagi yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari, bundan turistik yo‘llanmalar mustasno:
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymatini nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan ushbu ish beruvchida ishlamaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort hamda sog‘lomlashtirish muassasalariga o‘z xodimlarining o‘n olti yoshgacha bolalari (o‘qiydiganlarga — o‘n sakkiz yoshgacha) uchun yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
3) o‘z xodimlariga hamda ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan to‘langan summalar, shuningdek ish beruvchining davolashga hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishga, nogironlik profilaktikasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olishga oid xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatganlik uchun ish beruvchilar tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq to‘langan taqdirda, shuningdek sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan naqd pul mablag‘lari bevosita xodimga, xodim yo‘qligida esa — uning oila a’zolariga, ota-onasiga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar xodimning bankdagi hisobvarag‘iga kiritilgan taqdirda, bu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;
4) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan qonunchilikda belgilangan summalar doirasida budjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar;
5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lsa;
6) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yo‘la beriladigan pul mukofoti;
7) soliq to‘lovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlar, bundan quyidagilarni sotishdan olingan daromadlar mustasno:
qimmatli qog‘ozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini);
noturar joylarni;
o‘ttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni;
8) uy xo‘jaligida, shu jumladan dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan hayvonlarni (qoramollarni, parrandalarni, mo‘ynali va boshqa hayvonlarni, baliqlar va hokazolarni) tirik holda hamda ularni so‘yib mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan (bundan sanoatda qayta ishlash mustasno) chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olinadigan daromadlar, bundan manzarali bog‘dorchilik (gulchilik) mahsulotlari mustasno;
9) xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida olingan buyum tarzidagi sovrinlarning qiymati;
10) ish beruvchidan soliq davri mobaynida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha bo‘lgan qiymatdagi:
xodimlar natura shaklida olgan sovg‘alar;
ilgari mazkur ish beruvchining xodimlari bo‘lgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yo‘qotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila a’zolari tomonidan olingan sovg‘alar hamda boshqa turlardagi yordam;
11) jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan pul va natura shaklidagi daromadlar, bundan quyidagilar mustasno:
ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarining, adabiyot hamda san’at asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) to‘lanadigan pul mukofotlari;
yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlar;
12) davlat zayomining obligatsiyalari bo‘yicha yutuqlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foizlar;
13) jamg‘arma sertifikatlari, davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlar, shuningdek banklardagi omonatlar bo‘yicha foizlar va yutuqlar;
14) nodavlat notijorat tashkilotlaridan, xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek vakolatli organning xulosasi mavjud bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi xalqaro shartnomalari doirasida soliq to‘lovchi grant beruvchidan bevosita olgan grantning summasi;
16) soliq to‘lovchining quyidagilarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari:
O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lov. Mazkur imtiyoz soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlariga nisbatan ham qo‘llaniladi;
farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar;
soliq bazasining 50 foizidan oshmagan holda, metsenatlik ko‘magini ko‘rsatish;
olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravarigacha bo‘lgan miqdorda qoplashga, basharti uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobga olingan holda amalga oshirilgan bo‘lsa. Mazkur soliq imtiyozi qarz oluvchiga va (yoki) birga qarz oluvchilarga nisbatan, basharti ularning soliq solinmaydigan daromadlari jami summasi belgilangan miqdordan oshmasa, tatbiq etiladi. Bunda yosh oila bo‘lgan er-xotinning olgan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqiga va boshqa daromadlariga nisbatan soliq imtiyozi er-xotin yoki ulardan biri belgilangan yoshga to‘lguniga qadar, ushbu xatboshida budjetdan ajratilgan subsidiyalar bo‘yicha belgilangan shartlar inobatga olinmagan holda qo‘llaniladi. Agar 2023-yil 1-yanvardan keyin ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz olti oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq imtiyozining amal qilishi soliq imtiyozini qo‘llashning butun davri uchun soliqni to‘lash majburiyati tiklangan holda bekor qilinadi;
fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga;
17) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomalari bo‘yicha) olingan ulushlar, paylar va aksiyalar tarzidagi daromadlar, agar bu ulushlarni, paylarni va aksiyalarni berish yaqin qarindoshlar o‘rtasida amalga oshirilsa.
Yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasiga nisbatan yoki qaysi chet el yuridik shaxsi uchun ro‘yxatdan o‘tish mamlakatining qonunchiligiga muvofiq kapitalda ishtirok etish nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘sha chet el yuridik shaxsiga nisbatan nazorat qilish huquqi, agar bunday huquqlar ularni bir oilaning a’zolari va (yoki) yaqin qarindoshlar bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazish natijasida olingan bo‘lsa, daromad olish yoki daromadni tasarruf etish huquqining yuzaga kelishi deb e’tirof etilmaydi;
18) paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan soliq to‘lovchilarning bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari;
19) soliq to‘lovchi bo‘lgan qimmatbaho metallar qidiruvchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda qazib olish yo‘li bilan ega bo‘lgan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari;
191) soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari;
20) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, xayriya va ekologiya jamg‘armalari tomonidan soliq to‘lovchilarga beriladigan nafaqalar, shuningdek pul mablag‘lari tarzidagi yordamning boshqa turlari, biroq soliq davri mobaynida o‘n besh million so‘mdan oshmagan holda;
21) soliq to‘lovchining soliq davri davomida quyidagilarni to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi ish haqi summalari va boshqa daromadlari:
xalqaro tashkilotlarga a’zolik badallarini, tegishli xalqaro tashkilot a’zosi sifatida bunday badallarning to‘langanligi to‘g‘risida hujjat mavjud bo‘lganda;
qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga to‘lovlarni, kursni tugatganlik to‘g‘risida shunday tashkilotlar tomonidan berilgan hujjat mavjud bo‘lganda.
22) aksiyalar ommaviy joylashtirilganda korxonalar xodimlarining o‘z oylik ish haqidan va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan oshmaydigan, ushbu korxonalar xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘lari;
23) soliq to‘lovchilar ish haqining va boshqa daromadlarining mahalliy fond bozorida emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan qismi, quyidagi shartlarda:
soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yuz baravarigacha bo‘lgan miqdorda;
to‘lovlar o‘sib bormaydigan tartibda to‘langanda va bir yo‘la to‘lanadigan to‘lovlarni shartnomaning amal qilish muddati boshlangan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida qaytarib olmaslik sharti bilan. Ushbu bandning shartlari buzilgan yoxud shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan va pul mablag‘lari to‘liq yoki qisman qaytarilgan taqdirda, qaytariladigan mablag‘larga to‘lov manbaida soliq solinishi lozim.
Soliq kodeksining 379-moddasi.
Jismoniy shaxslarni soliq solishdan ozod etish
Quyidagilarning daromadlariga soliq solinmaydi:
1) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining boshliqlari va xodimlari, konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari, ularning o‘zlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmasa — O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari bo‘yicha;
2) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ma’muriy-texnik xodimlari hamda ularning o‘zlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamasa, — O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari bo‘yicha;
3) chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar tarkibiga kirgan shaxslar, agar ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamasa — o‘z xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari bo‘yicha;
4) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining uylarida ishlovchilar, agar ular O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmasa yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamasa — o‘z xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari bo‘yicha;
5) xalqaro nohukumat tashkilotlarining mansabdor shaxslari — agar ular O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmasa, ularning ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari bo‘yicha.
Soliq kodeksining 380-moddasi.
Ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarning jami daromadini kamaytirish
Quyidagi soliq to‘lovchilar soliq solishdan qisman (daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar, ushbu qismning 3-bandida ko‘rsatilgan shaxslar uchun esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha) ozod etiladi:
1) “O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar. Bu imtiyoz tegishincha “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning ma’lumotnomasi asosida beriladi;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, nogironligi bo‘lgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi bo‘lgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnomasi asosida beriladi;
3) bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;
4) sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari va beva xotinlari (beva erlari). Bu imtiyoz “Halok bo‘lgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” yoki “Ichki ishlar organlari halok bo‘lgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok bo‘lgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qo‘yilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi. Agar mazkur shaxslar pensioner bo‘lmasa, imtiyoz ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli organlari va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralar tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining halok bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida beriladi. Sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yoki ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining beva xotinlariga (beva erlariga) imtiyoz faqat ular yangi nikohdan o‘tmagan taqdirda beriladi;
5) ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor yolg‘iz onalar. Bu imtiyoz har bir bola uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotnoma asosida beriladi;
6) ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor hamda boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar. Bu imtiyoz erning (xotinning) vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, bolalar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar, yangi nikohdan o‘tmaganlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olinmasligi haqidagi ma’lumotnomasi taqdim etilgan taqdirda beriladi;
7) bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sog‘liqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Soliq imtiyoziga bo‘lgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan taqdirda, soliq imtiyozi unga bo‘lgan huquqlar vujudga kelgan paytdan e’tiboran qo‘llaniladi.
Agar soliq to‘lovchi ushbu moddada nazarda tutilgan bir nechta asos bo‘yicha soliq imtiyoziga doir huquqqa ega bo‘lsa, unga xohishiga qarab faqat bitta soliq imtiyozi beriladi.
Soliq imtiyozini qo‘llash soliq to‘lovchining asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyi bo‘yicha, asosiy ish joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda esa — yashash joyidagi soliq organlari tomonidan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chog‘ida amalga oshiriladi. Soliq imtiyoziga bo‘lgan huquq yo‘qotilgan taqdirda, soliq to‘lovchi imtiyozga bo‘lgan huquqni yo‘qotgan paytidan e’tiboran o‘n besh kun ichida bu haqda undan soliqni ushlab qoladigan yuridik shaxsga ma’lum qilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilgan soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining foizlar va dividendlar tarzida olingan daromadlariga, shuningdek mol-mulkni ijaraga topshirishdan olingan daromadlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Agar foizlar va dividendlar asosiy ish joyi bo‘yicha hisoblansa, soliq imtiyozini qo‘llash asosiy ish joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Agar foizlar va dividendlar asosiy bo‘lmagan ish joyi bo‘yicha hisoblansa, soliq imtiyozi jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish chog‘ida soliq to‘lovchining yashash joyidagi soliq organlari tomonidan qo‘llaniladi. Shunga o‘xshash tartib mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 4-yanvardagi “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013 yil dasturi toʻgʻrisida”gi PQ‑1902‑son qarorining 4‑bandi 3‑xatboshisiga asosan, 2020 yil 1 iyulgacha shartnoma imzolagan jismoniy shaxslar, qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy‑joylar qurilishi Dasturi doirasida, ipoteka kreditini toʻlab boʻlmagunga qadar, xarid qilingan uy‑joylar boʻyicha mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilinadilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi “2017‑2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ‑2660-sonli qarorining 17-bandi “a”-kichik bandiga asosan, 2020 yil 1 iyulgacha Dasturni amalga oshirish doirasida “Ipoteka bank” ATIB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka bank” ATB tomonidan berilgan ipoteka kreditini toʻlab boʻlgunga qadar sotib olingan kvartiralar boʻyicha jismoniy shaxslar (qarzdorlar)ning mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilinadilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ‑3651‑sonli Qarorining 9‑bandi 3‑xatboshisida maktabgacha taʼlim nodavlat muassasasi oʻz faoliyatini amalga oshira boshlagandan keyin oʻn yil mobaynida barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilinishlari belgilangan.