Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Shu maqsadda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qator xalqaro standartlarni oʻz faoliyatiga joriy etish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu sohada belgilangan vazifalarning sifatli bajarilishini monitoring va nazorat qilish, zarur hollarda davlat tashkilotlariga uslubiy koʻmak berib borish maqsadida 2022-yil 12-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etilib, bunda baholash 29 ta maxsus indikator asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Qaror talablaridan kelib chiqib, baholash birinchi bosqichda oʻz tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida oʻtkazildi.
Xususan, Soliq qoʻmitasi oʻz tizimidagi barcha korrupsion xavf-xatarlarni baholash va ulardagi xatar omilini minimallashtirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalarda tashkil etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy qilgan. Bu, oʻz navbatida, barcha jarayonlarni nazorat qilish mavjud xavflarga tezkorlik bilan munosabat bildirib borish imkonini beradi.
Bundan tashqari, davlat tashkiloti rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha murosasiz pozitsiyasi va tashkilot tizimiga, ayniqsa aholi va tadbirkorlar bilan bevosita munosabatga kirishuvchi yoʻnalishlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish tendensiyasi ham mavjud.
Umuman olganda, baholash natijalari joriy yil “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan korrupsiyaning tarqalganlik darajasini jamoatchilik ongida idrok etilishini baholashga qaratilgan soʻrov natijalari bilan hamohang ekanligini koʻrsatdi.
Korrupsiyaning tarqalganlik darajasini pasaytirish avvalambor, tashkilotda uning oldini olish uchun qoʻllanilayotgan preventiv mexanizmlarga bevosita bogʻliq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Taʼkidlash lozimki, Reyting Baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi. Bundan tashqari, “E-Anticor.uz” elektron platformasiga ayrim hujjatlar yoki qilingan ishlar kiritilmagan yoki notoʻgʻri kiritilganligi oqibatida tashkilotlarga tegishli ballar berilmasligining oldini olish maqsadida reytingning dastlabki natijalari tashkilotlarga taqdim qilingan, ularning fikr va eʼtirozlariga asosan yakuniy reyting shakllantirilgan.
Baholash natijalariga koʻra, 24 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi “yaxshi” – 81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati “qoniqarli” – 56 balldan 80 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati “qoniqarsiz” – 55 balldan past toifalarga ajratildi.
Xususan, Soliq qoʻmitasi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati yaxshi deb topildi – 81 ball.
Baholash yakunlari boʻyicha: “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
Mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga koʻra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati boʻyicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, soliq organlarini xizmat koʻrsatish yoʻnalishiga transformatsiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng jalb etish natijasida inson omilini cheklab, korrupsiya holatlariga barham berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Sohada korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi va faoliyat shaffofligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilganligi “CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti auditorlari xulosasida ham qayd etildi.
“CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti tomonidan Soliq qoʻmitasi markaziy apparati faoliyatining ISO37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiqligi boʻyicha audit oʻtkazildi. Unda xalqaro standartlar boʻyicha aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Qoʻmita markaziy apparati 14 ta tuzilmasining “ISO37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” boʻyicha ichki idoraviy hujjatlari tahlil qilinib, rahbar va masʼul xodimlar bilan suhbatlar oʻtkazildi.
Shunga asosan, Soliq qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari tomonidan qisqa muddat ichida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari xalqaro standartlarga toʻla moslashtirildi.
Auditorlar Soliq qoʻmitasi markaziy apparatida “ISO37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi”, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi, rahbar va masʼul xodimlar oʻz xizmat vazifasiga jiddiy yondashishini qayd etdi.
Audit yakuniy natijalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Soliq qoʻmitasi markaziy appratiga ISO37001:2016 xalqaro standarti boʻyicha sertifikat berilishini maʼlum qildi.
“CERT International” ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti tomonidan 2021-yil 23-avgust kuni Soliq qoʻmitasi markaziy apparatiga ISO37001:2016 xalqaro standarti boʻyicha sertifikati topshirildi.