O‘ZBEKISTON
RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ XIZMATI ORGANLARIDA JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING
MUROJAATLARI BILAN ISHLASH
Davlat soliq xizmati organlarida
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash O‘zbekiston
Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi
Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-sonli qarori
bilan tasdiqlangan «Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va
yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida Namunaviy
nizom», 2016 yil 27 oktyabrdagi «Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari
rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar,
shahar va tumanlari hokimlarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun talablarini so‘zsiz
bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida»gi 366-sonli qaroriga muvofiq
amalga oshiriladi.
Murojaatlar
quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
·
ariza
– huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam
ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;
·
taklif
– davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarini o‘z
ichiga olgan murojaat;
·
shikoyat
– buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya
qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;
·
anonim
murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash
joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning
joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi maʼlumotlar ko‘rsatilmagan yoxud
ular haqida yolg‘on maʼlumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek, imzo (elektron
raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;
·
murojaatning
dublikati – aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;
·
takroriy
murojaat – avvalgi murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat
qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy
murojaat kelib tushgan paytda ko‘rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan
muddati tugagan bo‘lsa, avvalgi murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi
haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan
murojaat;
·
elektron
murojaat – elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni
identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan
elektron hujjat shaklidagi murojaat;
Murojaatlar og‘zaki yoki yozma
yoxud elektron shaklda, davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Murojaatlar ariza, taklif va
shikoyat tarzida bo‘lishi, jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki
jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.
Jismoniy
shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi
to‘g‘risidagi maʼlumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi
kerak.
Yuridik
shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi
(pochta manzili) to‘g‘risidagi maʼlumotlar va murojaatning mohiyati bayon
etilgan bo‘lishi kerak.
Yozma
murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi murojat qiluvchi yuridik
shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi
lozim. Jismoniy
shaxsning yozma murojaatini murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash
imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan
tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda
yozib qo‘yilishi kerak.
Davlat soliq xizmati organlariga
kelib tushgan murojaatlar «Elektron hujjat almashish» avtomatlashtirilgan
axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Murojaatlarni
ko‘rib chiqish tartibi
Davlat soliq xizmati organlarida
murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish,
shuningdek, ko‘rib chiqilishini nazorat qilish murojaatlar bilan ishlash uchun
masʼul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi yoki masʼul xodimi tomonidan amalga
oshiriladi.
Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari davlat soliq xizmati
organlari rahbarlari yoki murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning
rahbari, shuningdek, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari yoxud boshqa masʼul
xodimlari tomonidan qabul qilinadi.
Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib
tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay davlat soliq xizmati
organlari rahbarlariga kiritiladi, u masʼul bo‘linmani belgilagan holda
murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qo‘yadi.
Rezolyutsiya (topshiriqnoma)
qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash
bo‘yicha bo‘linma murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy
bo‘linmaga imzo qo‘ydirgan holda beradi.
Qo‘yilgan masalalarni hal etish
davlat soliq xizmati organlarining vakolati doirasiga kirmaydigan murojaatlar
besh kun muddatdan kechiktirmay davlat soliq xizmati organi rahbari tomonidan
imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat
qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli
organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar mavjud bo‘lmasa, besh kun
muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat
qiluvchilarga qaytariladi.
Quyi davlat soliq xizmati organlari
tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar kelib tushgan kundan
boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay davlat soliq xizmati organining rahbari
yoki uning o‘rinbosarlaridan biri tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga
yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar
berilishi kerak.
Agar murojaatda joyning o‘zida
o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek, boshqa zarur
hollarda murojaat joyning o‘zida ko‘rib chiqilishi mumkin. Murojaatni joyning
o‘zida ko‘rib chiqish davlat soliq xizmati organi rahbarining topshirig‘i yoki
uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Murojaatni murojaat qilgan yoki
boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular
davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.
Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda muallifga murojaatni uning
ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboriladi.
Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan
masalalar xo‘jalik yurituvchi subʼektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning
vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat soliq xizmati
organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish
natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tegishli qaror qabul
qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga
xabar beriladi.
Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish
to‘g‘risidagi qarorni Davlat soliq qo‘mitasida – rais, uning o‘rinbosarlari;
davlat soliq boshqarmalarida – boshliq, uning o‘rinbosarlari; davlat soliq
inspeksiyasida – boshliq; tizim muassasa va tashkilotlarida – ularning
rahbarlari qabul qiladi.
Murojaatga javob xatida murojaatda
ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi
aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan
holda) bo‘lishi kerak.
Murojaatga javob xati davlat soliq
xizmati organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Murojaatlarga javob xati mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.
Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha
masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga
tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.
Murojaat qiluvchiga javob
yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi. Oraliq
javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki
nazoratdan olinmaydi.
Murojaatlarni
ko‘rib chiqish muddatlari
Ariza yoki shikoyat masalani
mazmuni bo‘yicha hal etishi shart bo‘lgan davlat soliq xizmati organiga kelib
tushgan kundan eʼtiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki)
tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha
bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib
chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud
boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish
muddatlari tegishli davlat soliq xizmati organi rahbari tomonidan, istisno
tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat
etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat soliq xizmati
organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib
chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu
haqda takliflarni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma
shaklda xabar qilinadi.
Ayrim hollarda davlat soliq xizmati
organining rahbari yoki uning o‘rinbosarlari murojaatlarni ko‘rib chiqish
muddatlarini qisqartirishi mumkin.
Murojaatlar
bilan ishlash muddatlari ular davlat soliq xizmati organiga kelib tushgan
kundan boshlab hisoblanadi. Agar
tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa,
navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
Murojaatlarni
ko‘rmay qoldirish
Quyidagi
murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
·
anonim
murojaatlar;
·
jismoniy
va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning
vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
·
Qonunda
belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.
Murojaatni anonim deb eʼtirof etish
murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki murojaatni ko‘rib chiquvchi
tarkibiy bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy
shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish
Davlat
soliq xizmati organlarida belgilangan kun va soatlarda jismoniy shaxslar hamda
yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.
Jismoniy
shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat soliq xizmati
organi rahbari yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Murojaatlarni
ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va davlat soliq
xizmati organlarining majburiyatlari.
Murojaat davlat soliq xizmati
organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat
ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon
etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni
ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish
yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat
yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Murojaatlarni
umumlashtirish va tahlil qilish
Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha
bo‘linma tarkibiy bo‘linmalar tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy
nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida zarur
tarzda ko‘rib chiqilishini taʼminlash chora-tadbirlarini ko‘radi.
Murojaatlarni
ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik
Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad
etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud
elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy
va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati
bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlanmaganlik, jismoniy
shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati
to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va
yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va
murojaatidagi tanqid uchun taʼqib qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda
sansolarlikka yo‘l qo‘yish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish
tegishlicha maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil
10 apreldagi 84-sonli buyrug‘i bilan «O‘zbekiston Respublikasi davlat
soliq xizmati organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan
ishlash tartibi to‘g‘risida Nizom» tasdiqlangan.
“JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA O‘RQ-445-son 11.09.2017-yil
Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida