Soliq sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi delegatsiyasi Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Davlat soliq xizmatiga tashrif buyurdi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Ozarbayjonning soliq maʻmuriyatchiligi va soliqqa tortish sohasidagi tajribasini oʻrganish.
Har ikki tomon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yanada yuqori darajaga koʻtarilayotganligi va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar chuqurlashib borayotganligini eʼtirof etdi.
Uchrashuvlarda keng qamrovli masalalar muhokama qilindi, jumladan:
- “yashirin iqtisodiyot” darajasini pasaytirish vositalari;
- soliq qonunchiligini takomillashtirish;
- soliq maʻmuriyatchiligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari.
Oʻzbekiston tomoni Ozarbayjon Respublikasi qoʻshilgan qiymat soligʻi maʻmurchiligi sohasidagi tajribasiga alohida qiziqish bildirdi. Uch kunlik uchrashuvlar davomida Soliq qoʻmitasi vakillari QQS depozit hisobraqamni yuritish mexanizmi, QQSni qaytarish tizimi va ushbu jihatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi oʻzgarishlar bilan tanishadi.
Uchrashuv yakunida, bunday ishchi aloqalar va tajriba almashinuvi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga hamda har ikki davlatda samarali soliq boshqaruvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha umumiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi taʻkidlandi.