Soliq sohasidagi islohotlar natijasida tadbirkorlik uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasi davlatimiz budjetining soliq tushumlar oshishiga ham salmoqli taʼsir ko‘rsatmoqda.
Jumladan, o‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida QQS to‘lovchilari tomonidan tovar (xizmat)larni realizatsiya qilishdan davlat budjetiga jami 9,9 trln. so‘m kelib tushgan bo'lsa, 2021-yilning dastlabki 7 oyida ushbu tushumlar 14,2 trln. so‘mni tashkil qilmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 trln. so‘mga ko‘p demakdir.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, (VM-489-son qarori 14.08.2020 y.) QQSning salbiy farq summalarini qaytarib olish jarayoni 2020-yil avgust oyidan e'tiboran barcha tadbirkorlik subyektlari uchun joriy qilinib, ularning aylanma mablag'lari va ishchilar sonining oshishiga xizmat qilmoqda.
Bu borada tadbirkorlik subyektlari QQS salbiy farq summalarini tezlashtirilgan (7 kun ichida) hamda umumiy tartibda (60 kun ichida) qaytarib olishlari mumkinligi belgilandi. Jumladan, joriy yilning o'tgan davrida tadbirkorlik subyektlarining 9,8 mingta murojaati bo‘yicha 9 trln. so‘m (shundan eksportyorlarga 3 trln. so'm) mablag‘ qaytarib berildi.
Shuningdek, berilayotgan yengilliklarga qaramasdan ayrim xufiyona faoliyat yuritayotgan korxonalar mamlakat iqtisodiyoti rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Jumladan, avtomatlashtirilgan Tahlika-tahlil dasturi orqali soliq to'lamaslik xavf darajasi yuqori bo'lgan 802 ta "shubhali" korxonalar ro'yxati shakllantirildi.
Ushbu "shubhali" korxonalar bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan korxonalar asossiz hisobga olingan QQS summasini qaytarib olishga urinish holatlari kuzatilmoqda.