Soliq qo‘mitasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Siz doim yodimizda va yonimizdasiz, faxriy hamkasblar!” shiori ostidagi bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirga uzoq yillar soliq tizimida mehnat qilib hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriy mehmonlar taklif etildi. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi rahbariyati va markaziy apparat xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjan Fayzibayev faxriylarni bayram bilan qutlab, mamlakatimiz soliq tizimiga qo‘shgan hissasi uchun ularga minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida soliq timining faxriy xodimlari ham dil izhorlarini va ezgu tilaklarini bildirdi. Soliq organlari faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Soliq xizmati organlari faxriylariga qoʻmita rahbariyati tomonidan esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Shuningdek, mehmonlar uchun Mudofaa vazirligining namunali orkestri ijrosida bayramona kuy-qo‘shiqlar yangradi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Bayram so‘nggida markaziy apparat xodimlari va faxriylar esdalik uchun birgalikda suratga tushdi.