“Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq,
2025-yil 1-iyuldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar goʻsht (qo‘y, mol, parranda) tuxum, oʻsimlik yogʻi hamda un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlarni belgilangan miqdor* doirasida xarid qilishda toʻlangan QQS summasi bir ish kunida qaytariladi. Bunda xarid chekini Soliq mobil ilovasida skanerlash talab etilmaydi.
Yangi tartib tatbiq etilgunga qadar ijtimoiy keshbek amaldagi taribda qaytariladi.
Shuningdek, “Ijtimoiy karta” axborot tizimini ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish, sanoatda foydalanishga joriy etish va takomillashtirish maqsadida qoʻshma korxona (Korxona) tashkil etiladi.
“Ijtimoiy karta” ATni yaratishda ishtirok etuvchi Korxona va toʻlov tashkilotiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi.
Bunda Korxona tomonidan berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qabul qiluvchi tomon uchun foyda soligʻi, AOS va JShODS boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Maʻlumot uchun. Soliq imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgandan keyin qoʻllaniladi.
* belgilangan miqdor - oyiga BHMning 10 baravarigacha
Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi