O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati va xodimlar, taniqli estrada xonandalari, so‘z ustalari hamda elimiz suygan shoir va ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev sohada uzoq yillardan beri samarali faoliyat yuritib, yosh kadrlarga kasb sirlarini o‘rgatib kelayotgan xodimlarni hamda mamlakatimizdagi barcha ustozlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabrikladi. Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’limga qaratilayotgan e’tibor, ustoz murabbiylarning jamiyatda tutgan muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Bayram tadbiri munosabati bilan tashrif buyurgan taniqli ijodkor va shoirlar ham so‘zga chiqib yuksak bilimli, mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va kasb-hunarlarga ega bo‘lgan yoshlarni kamol toptirishda ustozlarning ahamiyati haqida so‘z yuritib, o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi.
Shundan so‘ng DSQ rahbariyati tomonidan qo‘mitada uzoq yillardan buyon ishlab, bilim va tajribalarini yoshlarga ulashish asnosida sohaning sir-asrorlaridan xabardor etib kelayotgan xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Vatanimiz ertasi bo‘lgan yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan, bilim va tajribasini ulashib kelayotgan ustoz xodimlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
San’atkorlarning ustozlarga atab tayyorlab kelgan chiqishlari, kuy va qo‘shiqlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.