Bir vaqtda, bitta davr uchun soliq auditi va kameral soliq tekshiruvi kabi soliq tekshiruvlarini tayinlash va o‘tkazish qonuniymi, qanday cheklovlar mavjud?
Ta’kidlash joizki, bir soliq (hisobot) davri bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ikkita tekshiruv, ya’ni kameral soliq tekshiruvi va soliq auditi o‘tkazishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovchi normalar mavjud emas.
Faqat quyidagi cheklovlar mavjud:
– kameral soliq tekshiruvi va soliq auditi da’vo muddati tugagan, ya’ni besh yillik muddati o‘tgan soliq davrlariga nisbatan o’tkazilishi mumkin emas;
– soliq monitoringi o‘tkazilayotgan davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
– soliq organlari soliq to‘lovchida bitta davr uchun bir xil soliq turi bo‘yicha birmartadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas (yangi holatlar aniqlangan hollari bundan mustasno).
Umuman olganda, qonun hujjatlarida bir vaqtning o‘zida ikkita tekshiruv o‘tkazilishini cheklovchi normalar mavjud emas. Biroq, soliq auditi o‘tkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq to‘lovchi tomonidan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi, shuningdek kameral soliq tekshiruvi natijasida soliq hisobotida tafovutlar yoki xatoliklar aniqlansa, soliq to‘lovchiga aniqlangan tafovutlarni aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan holda bartaraf etish yuzasidan talabnoma yuborilishi to‘g‘risidagi normalarni inobatga olgan holda shuni aytish mumkinki, bir davr uchun bir vaqtda soliq auditi va kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartib tamoillari soliq auditi o‘tkazish tartibi va maqsadlariga zid va muvofiq emas.
Bunday holda, to‘plangan materiallar soliq auditi materiallariga umumlashtirish uchun topshirilgan holda kameral soliq tekshiruvi yakunlanishi shart.