Buxoro viloyati Olot tumanidagi Asajam qishlog‘i aholisining ko‘p yillik orzusi amalga oshdi. Bu yerda Davlat soliq qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan 330 o‘rinli zamonaviy umumtaʼlim maktabi qurib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifida davomida joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlangan edi.
Mazkur tashrif doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan alohida vazifa va topshiriqlar ijrosiga yuzasidan olib borilgan amaliy saʼy-harakatlar natijasida Olot tumanidagi “Asajam” qishlog‘ida Davlat soliq qo‘mitasi mablag‘lari hisobiga 330 o‘rinli zamonaviy umumtaʼlim maktabi binosi barpo etildi.
Ushbu ziyo maskani yangi yil arafasida foydalanishga topshirilgani asajamliklarga haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati, viloyat davlat soliq boshqarmasi, xalq taʼlimi boshqarmasi boshliqlari, Olot tumani hokimligi va boshqa tashkilotlar hamda muassasa rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash lozimki, Asajam qishlog‘ida bugungi kunga qadar umumtaʼlim maktabi bo‘lmagan. Bu yerlik bolalar 4-sinfgacha eski binoda joylashgan maktabda, 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari esa 5 km masofadagi umumtaʼlim maktabiga qatnab o‘qib kelishayotgan edi. Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan qurilgan yangi maktab binosining foydalanishga topshirilishi bilan ushbu qiyinchiliklar tarixga aylandi.
Asajamliklar o‘z qishlog‘ida bunday maktab bunyod etilishinni uzoq yillardan beri orzu qilardi. Endi ushbu maktab yurtimiz taraqqiyoti uchun yangi avlod kadrlarini yetishtirishda muhim poydevor bo‘ladi. Negaki, bu kabi taʼlim dargohlari maʼnan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Loyihaga asosan qad rostlagan 3 qavatli, 330 o‘rinli zamonaviy bilim dargohida o‘quvchilarning bilim olishlari uchun barcha shart sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Xususan, yangi maktab binosi “A” va “B” bloklarga bo‘lingan. Ularda boshlang‘ich taʼlim sinf xonalari, fizika, ximiya, biologiya fanlari uchun laboratoriyalar, kutubxona, mehnat ustaxonalari va o‘qituvchilar xonasi mavjud. Shuningdek, oshxona hamda maʼnaviyat va maʼrifat xonalari ham o‘quvchilar ixtiyorida. Bundan tashqari, sport zali va maktab hovlisida o‘quvchilar uchun zamonaviy usti ochiq sport maydonchasi ham tashkil qilingan.
Bunyodkorlik ishlari qurilish normalarga muvofiq, sifatli va tezkorlik bilan amalga oshirildi. Bu jarayonlarni viloyat 4-sektor rahbarining shaxsan o‘zi kuzatib, amalga oshirilayotgan ishlarga bosh-qosh bo‘lib turdi.
Yangi barpo etilgan maktab o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqlarini yana-da faollashishida muhim ahamiyatga ega. Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlarimiz esa kelajakda o‘z o‘rnini egallashlariga imkon yaratadi.
Buxoro viloyati DSB Matbuot xizmati