Joriy yilning 20-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzayev majlis kun tartibidagi tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etilishini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan Qonun loyihasini oʻqib eshittirdi.
I. Mazkur Qonun Prezidentimizning 2024-yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–39-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 556,6 mingta yuridik shaxslar barqarorlik reytingi boʻyicha toifalarga ajratilgan.
Barqarorlik darajasi | Reyting koʻrsatkichi | Subyekt soni 19.08.2024-yil holatiga | Baho |
Yuqori | AAA | 1 292 ta | 96-100 ball |
AA | 3 095 ta | 91-95 ball | |
A | 4 472 ta | 86-90 ball | |
Oʻrta | BBB | 19 988 ta | 76-85 ball |
BB | 39 172 ta | 66-75 ball | |
B | 60 727 ta | 56-65 ball | |
Qoniqarli | CCC | 37 369 ta | 51-55 ball |
CC | 142 308 ta | 36-50 ball | |
C | 109 605 ta | 26-35 ball | |
Quyi | D | 138 526 ta | 25 ballgacha |
II. Qonun loyihasi bilan Soliq kodeksining 5 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish belgilanmoqda.
Xususan, yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish maqsadida:
a) Soliq kodeksida qoʻllaniladigan tushunchalar qatoriga “tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tushunchasini kiritish;
b) “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq tekshiruvlarini oʻtkazmaslik (jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan taftishlar bundan mustasno);
Amalda Soliq kodeksiga asosan soliq xavfi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilarda soliq tekshiruvlari oʻtkaziladi. 2024-yil II chorak davomida 10 789 ta korxonada tekshirish oʻtkazilib, 5 783,1 mlrd.soʻmlik qoʻshimcha soliq hisoblangan. Shundan, 1 333 ta "AAA" toifadagi tadbirkorlik subyektlariga soliq tekshiruvi oʻtkazilmagan.
v) “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlarining qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashni (qaytarish) bir kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshirish;
Amalda Soliq kodeksiga asosan soliqning oʻrnini tezlashtirilgan tartibda qoplash 7 kun, umumiy tartibda 30 kun ichida amalga oshiriladi.
2024-yil 14-avgust holatiga “AAA” toifadagi 317 ta tadbirkorlik subyektiga 513,8 mlrd soʻm QQS boʻyicha ortiqcha toʻlov 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz qaytarilgan.
g) “A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga soliqlar boʻyicha (QQSdan tashqari) mavjud ortiqcha toʻlov summasini qaytarish 3 kun muddatda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Amalda Soliq kodeksiga asosan ortiq toʻlangan soliqlar 15 kun ichida qaytariladi.
2024-yil 13-avgust holatiga qqori barqarorlik reytingidagi (AAA, AA va A toifa) 59 ta tadbirokorning 3,9 mlrd soʻm soliqlardan ortiqcha toʻlovi 3 kun ichida qaytarib berildi.
III. Loyihaning qabul qilinishi Davlat byudjetidan qoʻshimcha xarajatlarni talab qilmaydi.
IV. Qonunni qabul qilinishi natijasida:
Loyiha 3-oʻqishda deputatlar tomonidan maʼqullanib, Senatga yuborildi.