1. 2024-yil 1-apreldan boshlab dori vositalarini, veterinariya dori vositalarini, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaga QQS boʻyicha imtiyoz bekor qilindi.
OʻRQ-891-son Qonun 28.12.2024-yil
Agar korxonaning 2024-yil 1-aprel holatiga dori vositalari, veterinariya dori vositalari hamda tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlar boʻyicha qoldiq tovarlari mavjud boʻlsa, ushbu tovarlar realizatsiya qilinganda hisobvaraq-fakturalar QQS bilan rasmiylashtiriladi.
2. 2024 yil 1 aprel holatiga korxona hisobida boʻlgan dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlar imtiyozsiz (QQS bilan) kirim qilingan boʻlsa, mazkur tovarlar qoldigʻi boʻyicha QQS summasini hisobga olish mumkinmi?
QQS imtiyozi bekor qilingan taqdirda, soliq toʻlovchi soliq organida QQS toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtgan sanada oʻz balansida mavjud boʻlgan tovar-moddiy qoldiqlarning soʻnggi 12 oy ichida kirim qilinganlari boʻyicha va uzoq muddatli aktivlarning balans qiymatida QQS summasini hisobga olish huquqiga ega.
3. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana sotishda cheklangan savdo ustamalari qoʻllanilish belgilangan. Bunda 12 % QQS summasi ham ustamaning tarkibida boʻladimi?
Chetdan olib kelinadigan va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari vositachilar sonidan qatʼiy nazar ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 %dan ortiq boʻlmagan miqdorlarda ustama belgilandi, chakana savdoda esa, ulgurji narxidan 20 %dan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllaniladi.
Ijtimoiy dorixonalar tomonidan ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10 %idan ortiq boʻlmagan cheklangan savdo ustamasi koʻllanilgan holda chakana sotiladi.
Bunda tovar tannarxiga dastlab ulgurji savdoda ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) QQSsiz narxiga 15%, chakana savdoda ulgurji narxiga 20 % miqdorida ustama qoʻyiladi va 12 % miqdorida QQS hisoblab realizatsiya qilinadi.
4. Dorixonalar 2024-yil 1-aprel holatida mavjud boʻlgan qoldiq tovarlarini QQSsiz sotsa boʻladimi?
Yoʻq. 2024-yil 1-apreldan dorixonalarga sotilgan dorilar uchun qoʻllaniladigan QQS boʻyicha imtiyoz bekor boʻlganligi sababli 2024-yil 1-aprel holatida qoldiqdagi barcha tovarlar QQS bilan sotilishi shart.
Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi