Vazirlar Mahkamasining 595-son qaroriga muvofiq ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish interaktiv xizmati – E-ijara dasturi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Unda yuridik va jismoniy shaxslar ko‘chmas mulk obyektlari uchun tuzilgan ijara yoki tekin foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalarini Davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishlari mumkin.
Ijaraga oluvchi ko‘chmas mulkni ikkilamchi ijaraga berish uchun ijaraga beruvchi (mulkdor)dan ruxsat olishi lozim.
Ikkilamchi ijara shartnomasini hisobga qo‘yish:
- Mulkdor ikkilamchi ijaraga rozi bo‘lsa, dasturda ijara shartnomasi hisobga olinayotganda “ikkilamchi ijara” tugmasiga belgi qo‘yishi kerak;
- “Ikkilamchi ijara” tugmasi bosilmagan taqdirda ko‘chmas mulk egasi obyektini ikkilamchi ijaraga berishga rozi emas deb hisoblanadi;
- Dasturning “Ko‘chmas mulk obyekti” satrida mulkdor obyekti va ijaraga olingan boshqa obyektlar shakllanadi;
- Ijaraga olgan shaxs obyektni ikkilamchi ijaraga berishi uchun ijaraga olgan obyektini tanlashi lozim;
- Ikkilamchi ijaraga berilayotgan obyekt bo‘yicha mulkdorga avtomat tarzda SMS xabar yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, VM-595-son qarorga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalarini E-ijara dasturida hisobga qo‘ymaslik soliq xavfining yuqori mezonlaridan biri sifatida baholanadi. Bu QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatilishiga yoki QQS to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tish uchun taqdim etilgan arizalarni rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.