Mamlakatimiz Prezidenti 2023-yil 24-may kuni “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son Qarorni imzoladi.
Mazkur hujjatga muvofiq bir qator davlat xizmatlarini takomillashtirish, davlat axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 2024-yil mart oyida – sinov tarzida “Elektron retsept” hamda “Asl belgisi” raqamli markirovkalash tizimlari oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek:
2023-yil iyul oyida – my.gov.uz va license.gov.uz portallarida Onlayn-NKMlarni davlat roʻyxatdan oʻtkazish;
2023-yil oktabr oyida –
– “my.gov.uz” portali orqali jismoniy shaxslarning ortiqcha toʻlangan soliqlarini qaytarishga (nodavlat MTTlarga toʻlanadigan toʻlovlar, oʻqish uchun toʻlangan kontrakt summalarini, olingan ipoteka kreditlari) ariza yuborish;
– my.gov.uz va dxa.gov.uz portallarida koʻchmas mulkni va ochiq yer maydonini ijaraga berish shartnomalarini hisobga qoʻyish;
2023-yil dekabr oyida –
– my.gov.uz va my.soliq.uz portali orqali soliq deklaratsiyalarini (yillik, ixtiyoriy, dastlabki, chet el jismoniy shaxslarining mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar) taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasining tegishli axborot tizimlari orqali:
– Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Geoaxborot” axborot tizimiga qishloq xoʻjaligi sohasida isteʼmol narxlari indeksi koʻrsatkichlarini shakllantirish uchun zarur boʻlgan narx maʼlumotlari (2023-yil dekabr);
– “Raqamli geoportal” hamda “Xalq nazorati” platformalari doirasida yuridik shaxs va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar, ular tomonidan toʻlangan soliqlar hamda mavjud soliq qarzi, onlayn-NKM hamda koʻchmas mulk ijara shartnoma maʼlumotlarini axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilgan holda taqdim etish (2024-yil mart-aprel) belgilanmoqda.
Axborot kommunikatsiya-texnologiyalari departamenti