Vazirlar Mahkamasining 2023‑yil 17‑oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim hujjatlariga ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 547-son qarori tasdqilandi.
Mazkur qarorga muvofiq xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining sessiyalari oralig‘idagi davrda “Temir daftar”ga kiritilgan ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalarga kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda zudlik bilan yordam ko‘rsatish zarurati yuzaga kelganda, bir martalik moddiy yordamni fuqarolar yig‘inlari tomonidan sektorlar rahbarlari bilan kelishgan holda taqdim etilgan xulosaga asosan bir ish kunida tuman (shahar) hokimlari qarorlari bilan beriladi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda tuman (shahar) hokimlariga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini tasarruf etish vakolati berildi.
Fuqarolar yig‘inlari tomonidan sektorlar rahbarlari bilan kelishgan holda, oilalarning ehtiyojmandlik darajasidan kelib chiqib, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, jumladan, og‘ir ahvoldagi kasallarni davolash, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, zarur dori-darmonlarni xarid qilish, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatida uy-joyidan ayrilib qolgan oilalarga yashash uchun zarur boshpana qilib berish, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalarning farzandlariga maktabga borishiga zarur kiyim-bosh sotib olish uchun zudlik bilan yordam ko‘rsatish lozimligi to‘g‘risida xulosaga kelingan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar.
Hokimlarning mazkur qarorlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining navbatdagi sessiyasida tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi.
Mazkur qaror joriy yilning 20-oktabridan kuchga kirgan.