14-15 iyun kunlari Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda O'zbekistonning neft sanoati va yer qaʼridan foydali qazilmalarni qazib olish sohasi uchun yangi soliq rejimining xususiyatlari va uni qo'llash mexanizmlari muhokama qilindi.
Birlamchi ishlov berishdan o‘tgan va realizatsiya qilish uchun yaroqli bo‘lgan metallarni yoki uglevodorod xomashyosini qazib olish (ajratib olish) faoliyati doirasida aniqlanadigan renta daromadini soliqqa tortish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida O‘zbekiston hukumatining yer qa’ridan foydalanganlik, xususan, energiya, qimmatbaho va rangli metallar uchun soliq stavkalarini pasaytirish to‘g‘risidagi qarori sohaning izchil rivojlanishini ta’minlashda muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi.
Ushbu soxaga xususiy sektorni jalb etish maqsadida amaldagi soliq solish tizimiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, respublikamizda foydali qazilmalardan samarali foydalanish hamda ekologiyaga zarar keltirmasdan energetik resurslarga bo‘lgan talabni qondirishga qaratilgan siyosatni yuritishga imkon yaratadi.
Xalqaro ekspertlar yangi fiskal rejim manfaatdor investorlar uchun yanada jozibador bo‘lib, adolatli soliqqa tortish tizimini, ushbu tarmoqdagi xo‘jalik subyektlarining raqobatbardoshliligini, kutilganidek, uzoq muddatli istiqbolda - Davlat budjetiga soliq tushumlarining oshishi ta’minlashini taʼkidladilar.