Soliq qoʻmitasining navbatdagi kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda 2023-yil yakunlari va 2024-yilning dastlabki oyi natijadorligi tanqidiy ravishda keskin muhokama etilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Jumladan:
▫️mahallabay ishlash yangi institutining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish hisobiga mahalliy soliqlar bazasini kengaytirish;
▫️isteʼmol bozori va iqtisodiyotning oʻsishiga mos ravishda tushumlarni taʼminlash;
▫️yashirin ish oʻrinlari va ish haqini legallashtirish, soliqdan qochish sxemalarining oldini olish;
▫️xodimlarning ish samardorligi (KPI) va malakasini oshirish, kadrlarni tanlash hamda tizimda ijro intizomini yanada mustahkamlash masalalari jiddiy tanqid qilindi.
Shuningdek, qoʻmita raisi oʻrinbosarlari, hududiy boshqarma va tuman (shahar) rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanildi. Xususan, Izboskan tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i M.Mirzayev, Asaka tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Qodirov, Sharof Rashidov tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i E.Erkabayev, Doʻstlik tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i M.Tursunmuratov, Oqdaryo tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i O.Ilyasov, Jomboy tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i B.Baratovlarga hayfsan berildi.
Joriy yilda soliq organlarining ustuvor vazifalari 2024-yil 16-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida makroiqtisodiy kompleks boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilganligi va ularning soʻzsiz ijrosini taʼminlashga qaratilgan yoʻl xaritasi loyihasi muhokama etildi.
Bunda:
▪️soliq bazasini kamida 20-30 %ga oshirish orqali belgilangan prognoz koʻrsatkichlari va qoʻshimcha daromadlarni jalb etish hisobiga soliq tushumlari barqarorligini taʼminlash;
▪️mahallabay ishlash tizimini kengaytirish va davlat ulushi yuqori soliq toʻlovchilar bilan “korxonabay” ishlash hamda toʻlov intizomini mustahkamlash;
▪️tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish, ularning ishonchini qozonish va maʼmurchilikni yanada yaxshilashga qaratilgan sohani raqamlashtirishni izchil davom ettirish;
▪️soliq majburiyatini ixtiyoriy bajarishni ragʻbatlantirish va faqat reyting koʻrsatkichlari asosida manzilli tekshirishlar hisobiga har bir xodim, har bir tekshirish samaradorligini oshirish;
▪️xodimlarning dunyoqarashi, malakasi, Vatanga va xizmat burchiga sadoqati hamda shaxsiy masʼuliyatini oshirish kabi qoʻshimcha vazifalar belgilab olindi.