Joriy yil 23-noyabrdan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan elektron hisobvaraq-fakturalarning yangi versiyasi ishga tushirildi.
Avval xabar qilinganidek, Elektron hisobvaraq-fakturalarda, jumladan, mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlariga tegishli o‘lchov birliklarini belgilashda ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi.
Bu ishlab chiqarilgan, sotilgan va omborlarda saqlanadigan mahsulotlarning aniq hisobini yuritish imkoniyatini yaratish uchun o‘lchov birliklaridan to‘g‘ri foydalanish, ularni yagona va bir xilda qo‘llash zarurati bilan bog‘liq.
Ushbu yangilik munosabati bilan tadbirkorlarda identifikatsiya kodlariga biriktiriladigan o‘lchov birliklar turlarini kengaytirish, shuningdek, qadoqlangan (agregatsiya qilingan) mahsulotlar uchun alohida o‘lchov birliklaridan foydalanish imkoniyatini yaratish zaruriyatiga oid savollar tug‘ilmoqda.
Hozirda katalogga kiritilgan mahsulot va xizmatlar nomenklaturasi doimiy ravishda kengaytirib borilmoqda. Savdo aylanmasida qo‘llaniladigan mahsulotlarni qadoqlashning shakl va turlarini hisobga olgan holda belgilangan o‘lchov birliklariga tadbirkorlar tomonidan o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati mavjud.
Shu maqsadda mahsulotni qadoqlash (agregatsiya qilish) xizmati ishga tushirildi. Ushbu havolaga o‘tib yangi platforma funksiyalari bilan tanishish mumkin.
Yangi (agregatsiya qilingan) o‘lchov birligi shakllangandan so‘ng, uni elektron hisobvaraq-fakturalarda qo‘llash mumkin.
Shuningdek, faol shtrix-kod mavjud bo‘lgan mahsulotlar uchun shtrix-kodni olish jarayonida tadbirkorlarning o‘zlari tomonidan so‘ralgan oְ'lchov birliklari tizimga biriktirilgan.