Soliq qoʻmitasida 2024-yil 25-29 mart kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) Soliq siyosati va maʼmurchiligi markazi katta soliq maslahatchisi Tomas Balko boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekiston BEPS Inklyuziv dasturiga aʼzoligi doirasidagi dastlabki missiyasi boʻlib oʻtdi.
Missiya doirasida Dasturning majburiy boʻlgan 4 ta minimal va boshqa ixtiyoriy standartlarini joriy etish boʻyicha seminarlar tashkil etildi.
Ularda quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- zararli soliq amaliyotlariga qarshi kurashish (5-minimal standart) boʻyicha Oʻzbekistonda mavjud soliq imtiyozlarini muvofiqlashtirish;
- tadbirkorlar soliq yukining kamaytirilishini suiisteʼmol qilmasliklari uchun ikkiyoqlama soliqqa tortishni oldini olish boʻyicha amaldagi Bitimlarni takomillashtirish va modifikatsiyalash (6-minimal standart);
- transchegaraviy yirik korxonalar tomonidan har bir mamlakatda mavjud kompaniyalar faoliyati boʻyicha davlatlar kesimida hisobot topshirish (13-minimal standart);
- mavjud Bitimlar doirasida vujudga kelayotgan muammolarni Oʻzaro kelishuv tartibi asosida hal etish (14-minimal standart).
Shuningdek, Ikki ustunlik yechim (Two-Pillar Solution) doirasida Global minimal soliq tizimini joriy etish hamda Soliqqa tortish qoidasi (Subject to Tax Rule) boʻyicha Konvensiyaga aʼzo boʻlish mavzularida ham uchrashuvlar tashkil etildi.
Unda qoʻmita mutaxassislariga Oʻzbekiston soliq tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda soliq bazasini kengaytirish aniq misollar bilan tushuntirildi.
Tadbirkorlar faoliyatini himoya qilish boʻyicha vakil (Biznes Ombudsman) oʻrinbosari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda BEPS Inklyuziv dasturining muhimligi hamda transmilliy korxonalarda transfert narxlarni tahlil qilish yoʻnalishida tekshiruvlarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari missiya yakunida Biznes vakillari (Katta toʻrtlik auditorlik tashkilotlari (KPMG, PwC, EY) va boshqa kopmaniyalar) bilan tashkil etilgan uchrashuvda BEPS Inklyuziv dasturi standartlarini joriy qilishda tadbirkorlar uchun imkoniyatlar va vujudga kelishi mumkini boʻlgan muammolar yechimi yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro soliq munosabatlari boshqarmasi