Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida soliq tizimida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik, soliq xizmati xodimlarining kasb odobi, soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda xolislik tamoyiliga rioya etishi mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – har bir soliq xodimi korrupsiyaga qarshi kurashishni oʻzining muqaddas burchi va vazifasi deb bilishi lozimligini yetkazishdan iborat.
Soliq qoʻmitasi raisi maslahatchisi va Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi masʼulligida oʻtgan tadbirda hududiy soliq boshqarmalarining shaxsiy tarkibi hamda onlayn tarzda soliq inspeksiyalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida, har bir davlat soliq xizmatchisi xizmat vakolati doirasidan chetga chiqmasligi, jinoiy qilmishlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etmasligi, zimmasiga yuklatilgan vazifasini vijdonan bajarishi lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq noqonuniy harakatlar amalga oshirilgan taqdirda, unga jazo muqarrarligi ham alohida taʼkidlab oʻtildi.
Har bir soliq idorasi vakili soliq toʻlovchilar bilan muloqot davomida korrupsiya va taʼmagirlikka yoʻl qoʻymaslik, ular bilan xushmuomalada boʻlish, shaxsiy manfaatlari yoʻlida xizmat vakolatlaridan foydalanmaslik boʻyicha atroflicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, muloqot davomida soliq xodimlari diniy ekstremizm va terrorizm kabi buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmasliklari va bu borada mustahkam bilimga ega boʻlishlari xususida ham atroflicha tushunchalar berildi.