Ushbu
mavzu yuzasidan soliq toʼlovchilar yoʼllayotgan savollarga javoblarni taqdim
etamiz.
1.
Mahalliy kengashlarga yuridik shaxslarning qaysi turdagi soliqlarini toʼlash
muddatini uzaytirishga ruxsat berildi?
- Mahalliy davlat hokimiyati
organlariga yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yer soligʼi,
yagona yer soligʼini toʼlash muddatini ularning moliyaviy holati soliq
qarzdorligini belgilangan muddatda toʼlashga imkoni boʼlmasa, uzaytirishga
ruxsat berildi.
Bunday tartib Vazirlar Mahkamasining
2019 yil 25 noyabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik
shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yer soligʼi va yagona yer soligʼi
boʼyicha toʼlash muddatini uzaytirish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash
haqida”gi 951-sonli qarorida belgilab qoʼyildi.
Soliqlarni toʼlash muddatini
uzaytirish Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, viloyatlar va
Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarining tegishli qarorlari asosida
amalga oshiriladi.
2.
Toʼlash muddati qaysi asoslarga koʼra uzaytirilishi mumkin?
- Nizomga asosan yuridik shaxslarning
mol-mulkiga solinadigan soliq, yer soligʼi, yagona yer soligʼini toʼlash
muddati quyidagi asoslardan biri mavjud boʼlganda uzaytiriladi:
agar soliqlar, penyalar va jarimalar
boʼyicha qarzdorlikning bir martalik toʼlovi soliq toʼlovchini nochorlikka
(bankrotlikka) olib kelsa;
soliq toʼlovchining ishlab chiqarish
va (yoki) tovarlar va xizmatlar realizatsiyasi mavsumiy xususiyatga ega boʼlsa;
soliq toʼlovchiga tabiiy ofat,
texnologik falokat yoki yengib boʼlmaydigan kuchlarning boshqa holatlari
natijasida zarar yetkazilgan taqdirda.
3. Qancha muddat va summaga uzaytirishga ruxsat
beriladi?
- Soliq
toʼlashning muddati 1 oydan 24 oygachani tashkil etadi.
Soliq
qarzdorligining butun summasiga yoki uning bir qismiga yoki kelgusida yuzaga
keladigan soliq qarzdorligiga nisbatan uzaytirish mumkin.
Nizomda
nazarda tutilgan bir soliq yoki soliqlarning bir necha turi boʼyicha
uzaytirilishi mumkin.
Soliqlar
boʼyicha penya hisoblash tegishli soliqlar boʼyicha muddatning uzaytirilishi
amal qilish davri boshlangan kunidan toʼxtatiladi.
Toʼlash
muddatini uzaytirishdan foydalanganlik uchun foizlar ularga nisbatan muddat
uzaytirilgan soliqlar boʼyicha qarzdorlik summasi toʼlanadigan kunda bir vaqtda
toʼlanadi.
Toʼlash
muddatini uzaytirishdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblab chiqarish penyani
hisoblash uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi va soliq
toʼlovchining shaxsiy kartochkasida kechiktirilgan soliqlar uchun hisoblangan
foizlar sifatida aks ettiriladi.
Soliqlarni
toʼlash muddatini uzaytirish soliq toʼlovchiga uning sof aktivlari qiymatidan
oshmaydigan summaga beriladi.