2022-yil 1-yanvardan boshlab raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM va virtual kassaga ulangan, shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qish va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalardan (2D-skanerlar, ma’lumotlarni yig‘uvchi terminallar yoki boshqa turdagi maxsus qurilmalar) majburiy foydalanishi lozim.
Bunda tadbirkorlik subyektlari 1.01.2023-yilgacha:
🔹foyda solig‘i;
🔹aylanmadan olinadigan soliq (AOS);
🔹YaTTlar tomonidan to‘lanadigan JShODS
bo‘yicha hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan summani onlayn-NKM va yuqorida nazarda tutilgan maxsus qurilmalarning har birini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirishi mumkin (4 x 270 000 = 1 080 000 so‘m).
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni 40-moddasiga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Soliq kodeksining 4-moddasi 7-qismiga muvofiq, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Shunga muvofiq, PQ-5252-son qarorning 3-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari mazkur normativ-huquqiy hujjat e’lon qilingan kundan, ya’ni 4.10.2021-yildan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu imtiyozni soliq hisobotida qanday aks ettirish mumkin?
Onlayn-NKM va yuqorida keltirilgan boshqa maxsus qurilmalarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasi:
AOS bo‘yicha
➡️Aylanmadan olinadigan soliq hisob-kitobining 0701-satr ko‘rsatilishi lozim. U avtomatik ravishda “AOS summasi hisobda turgan joyi bo‘yicha” – 080-satrda kamayadi;
foyda solig‘i bo‘yicha
➡️Foyda solig‘i hisob-kitobining 101-satrida ko‘rsatilishi lozim. U avtomatik ravishda “Foyda solig‘ining budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan jami summasi” – 110-satrda kamayadi.
YaTTlar xarid qilingan onlayn-NKM va maxsus qurilmalarni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazganda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i uchun yuqorida qayd etilgan imtiyoz avtomatik ravishda inobatga olinadi.