Joriy yilning 27-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-fevraldagi PF-39 son Farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.
Unda Soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Dildora Xashimova muzkur Farmon bilan ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash va boshqa fiskal tartib-qoidalarni buzganlik uchun Soliq kodeksining 227-prim 1-moddasiga asosan qoʻllaniladigan jarimalar miqdorining kamaytirilishi va ilgari qoʻllanilgan jarima summalari hisobdan chiqarilishi haqida tushuntirishlar berdi.
Xususan, Soliq kodeksining 227-prim 1-moddasida nazarda tutilgan, yaʼni fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 %i miqdorida jarima solinishi belgilanadi. (Avval sof tushumning 100 % miqdorida jarima solingan.)
Agar mazkur turdagi huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda jarima miqdori sof tushumning 20 foizi miqdorida etib oʻrnatiladi.
Maʼlumot uchun: Dastlabki hisob kitoblarga koʻra 2022-yil 13-iyundan bugungi kunga qadar 1,5 ming nafar tadbirkorlarga nisbatan 694 mlrd soʻm jarima qoʻllanilib, shundan 39 mlrd soʻmi undirilgan.
Bundan tashqari, mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar boʻyicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi. Hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Shu bilan birga undirilgan jarima summalarining 98%i kelgusi toʻlovlar hisobiga oʻtkaziladi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar ushbu huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
Soliq qoʻmitasi Matbuot xizmati