Mehnat qilgan elda aziz, deydi donishmand xalqimiz. Halol mehnati va shaxsiy masʼuliyati bilan yuksak marralarga erishayotgan davlat xizmatchilari talaygina. Har bir soha ishga yondashuvda sidqidildan mehnat qilishni talab etadi.
Xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan sohaga transformatsiya qilinayotgan davlat soliq xizmati organlarida ham bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, davlat soliq xizmati organlarida ishga qabul qilish faqat Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi portali orqali ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirilmoqda.
Bu davlat soliq xizmati organlari tizimida korrupsiyaning oldini olish, malakali kadrlarning raqobatbardosh zaxirasini shakllantirish va bo‘sh ish o‘rinlarini o‘z vaqtida to‘ldirib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan soliq siyosatini olib borishda muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan tizimni isloh qilish va yuqori natijalarga erishishda kadrlar masalasiga alohida urg‘u berilmoqda.
Tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida har bir soliq to‘lovchi soliq xizmati organlari xodimlarini o‘zlarining yaqin hamkori deb bilmoqda. Soliq xizmati organlari nazorat qiluvchi emas xizmat ko‘rsatuvchi idora ekanligini his etmoqda.
Afsuski, o‘tish davrida, yaʼni islohotlar boshida, o‘zgarishlarni qabul qilolmagan, eskicha ishlash prinsiplariga odatlanib qolganlar sohani tark etib ketdi.
Taassufki, qiyinchilik paytida voqealar rivojini chetdan kuzatib turgan ayrim sobiq xodimlar "qorlar yog‘di, izlar bosildi" qabilida ish tutib, eski ishiga qaytishga urinmoqda.
Ular davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish tanlovidan “o‘tgani”ga urg‘u berib, ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi buyruq chiqishi kechikayotganini iddao qilmoqda.
O‘z xizmat vazifasiga loqaydlik bilan qarab, tadbirkorlarning faoliyati rivojiga salbiy taʼsir ko‘rsatgan, soliqchi – ko‘makchi eʼtirofiga nomunosib, masʼuliyatsiz sobiq xodimlarga bugun nazorat qiluvchidan xizmat ko‘rsatuvchiga aylangan davlat soliq xizmati organlarida o‘rin yo‘q.