O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5813-son Farmoniga ko‘ra, 2020-yildan savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblarda onlayn nazorat-kassa va virtual kassalardan foydalanish joriy etilmoqda. Farmonda:
- alkogol va tamaki mahsulotlari, dori vositalari, benzin, dizel va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari 2020-yil 1-yanvardan;
- o‘tgan yil yakuni bo‘yicha yillik tushimi 5 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida mazkur chegaraviy miqdorga yetgan tadbirkorlik subyektlari 2021-yil 1-avgustdan;
- yillik oboroti (tushumi) yuz million so‘mdan oshgan yoki yil davomida ushbu chegaraviy miqdorga yetgan tadbirkorlik subyektlari 2020-yil 1-yanvardan;
- qolgan barcha turdagi tadbirkorlik subyektlari 2022-yil 1-yanvardan yangi turdagi onlayn kassa apparatlaridan foydalanish tizimiga o‘tishi belgilangan.
Onlayn kassa texnikalari bir vaqtning o‘zida amalga oshirilgan savdo operatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega.
Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarorida onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibi belgilab qo‘yildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 24,4 mingta tadbirkorlik sub’yektlarida ushbu tizim joriy etildi.
Aholi murojaatlari va soliq organlari tomonidan tizimning ishlash jarayonlarini o‘rganishda onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibiga to‘liq rioya qilinmaslik holatlari ham uchramoqda.
Hozirgacha, jami 13,4 mingta ana shunday holatlar aniqlangan: Samarqandda 1 749 ta, Andijonda 1 266 ta, Buxoroda 1 150 ta, Toshkent viloyatida 1 372 ta, Jizzaxda 629 ta, Surxondaryoda 884 ta va Sirdaryoda 415 ta tadbirkorlik sub’yekti ushbu tizimdan to‘laqonli foydalanmagan.
Faoliyatiga yangi dasturiy mahsulotni joriy etishi zarur bo‘lgan 18,2 mingta tadbirkorlik subyektlari esa hamon eski fiskal xotirali NKMlardan foydalanishda davom etmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 3 125 ta, Samarqandda 1 801 ta, Farg‘onada 1 545 ta, Toshkent viloyatida 1 662 ta, Namanganda 1 233 ta, Buxoroda 1 239 ta va Qoraqalpog‘istonda 1 056 ta holat aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra:
- nazorat-kassa texnikasi va (yoki) hisob-kitob terminallarini qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik;
- sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizasiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik;
- hisob-kitob terminallari orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Soliq organlarida ro‘yxatga olinmagan nazorat-kassa texnikasini qo‘llagan yoki sotib oluvchiga kvitansiyalar, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bergan holda savdoni amalga oshirganlik va (yoki) xizmatlar ko‘rsatganlik yetti million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan hisob-kitob terminallaridan soliq to‘lovchi tomonidan foydalanilishi va texnik talablarga muvofiq bo‘lmagan yoki xizmat ko‘rsatish dasturi buzilgan nazorat-kassa texnikalaridan foydalanganlik yigirma million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Hurmatli tadbirkorlar,
onlayn nazorat-kassa mashinalaridan belgilangan tartibda foydalanish hamda eski fiskal xotirali NKMlarni soliq idoralaridan ro‘yxat chiqarishingiz so‘raymiz.
Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati