14-fevral kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev onlayn nazorat-kassa mashinalari o‘rnatilgan savdo ob’yektlariga tashrif buyurib, ularning ishlash jarayonlarini kuzatdi. Shu kuni DSQ rahbariyati onlayn-NKM va virtual kassa mashinalarini yetkazib beruvchilar bilan ham uchrashdi.
Yangi texnologiyalar amaliyotda qanday ishlayapti?
Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyatining onlayn nazorat-kassa mashinasi o‘rnatilgan “Chill out family” MChJga tashrifi davomida ushbu apparatning qanday ishlashi vizual tarzda ko‘rib chiqildi. Yangi texnologiya qulayliklari borasida korxona rahbari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Onlayn-NKM foydalanish uchun juda qulay, – deydi “Chill out family” MChJ rahbari Shohruh Mirzayev. – Uning yordamida to‘lov amalga oshirilganda, davlat soliq organlariga hisobotlarni yuborishga hojat qolmaydi. Barcha soliq ma’lumotlari avtomatik ravishda davlat soliq organlari ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ladi. Bu bizga o‘ta qulay bo‘lmoqda. Shu bois, barcha xizmatlarimizni onlayn-NKM hisob-kitob tizimiga o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Onlayn-NKMning QR-kodli chekini “Mysoliq” mobil ilovasi yordamida skanerdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Chek skanerdan o‘tkazilganda sotib olingan mahsulot haqidagi barcha ma’lumotlarni bilib olish mumkin.
Onlayn-NKM va virtual kassa Reestri
Hozirda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning Reestri tasdiqlangan va Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan https://soliq.uz.
Reestrga uchta – “ARCA GROUP” MChJning PAX A-930, “ SMART ONE CLUB” MChJning UZ SMART BANK va “MY AIR GROUP IT SERVICE” MChJning USKASSA N5 Onlayn-NKM modellari kiritilgan.
Shuningdek, “Ilmiy-axborot markazi” DUKning “Yangi texnologiyalar” va “BAR CODE TEXNOLOGIES” MChJ tomonidan taqdim etilgan “Shtrix-M: KassirV.5.0” virtual kassalari ushbu Reestrdan joy olgan.
Reestrga kiritilgan Onlayn-NKMlar va virtual kassalar bilan https://soliq.uz/page/davlat-reestri havolasi orqali batafsil tanishishingiz mumkin.
DSQ rahbariyatining ushbu qurilmalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvida korxonalarni onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa mashinalari bilan to‘liq jihozlash, shuningdek, qurilmalarni DSQ bazasiga ulash bilan bog‘liq texnik masalalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy chorak so‘ngiga qadar alkogol va tamaki mahsulotlari, dori moddalari, avtomashinalar uchun benzin, dizel yoqilg‘isi va tabiiy gazni sotish bilan shug‘ullanadigan 20 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti onlayn-NKM va virtual kassa apparatlaridan foydalanishga o‘tkaziladi.
DSQ Matbuot xizmati.