2019 yil 13 dekabrь kuni Davlat
soliq qoʼmitasida Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv
oʼtkazildi.
Doʼstona ruhda oʼtgan uchrashuv tomonlar oʼrtasida samarali tajriba almashish imkonini berdi.
– Tojikiston delegatsiyasining
tashrifi biz uchun muhim voqea boʼldi – deydi DSQ raisi B.Musaev. – Ushbu
tashrif samarali va foydali oʼtishiga harakat qildik. Mamlakatimizda soliq
siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi qabul qilinganidan buyon oʼtgan
davr mobaynida soliq organlarining yangi imijini yaratish, soliq toʼlovchilar
bilan munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqish va malakali xizmat
koʼrsatishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tojikiston delegatsiyasi
aʼzolarining tashrifi davomida DSQ masʼul xodimlari qator taqdimotlar oʼtkazib,
Oʼzbekiston soliq tizimini rivojlantirish boʼyicha erishilayotgan natijalar va
rejalar bilan oʼrtoqlashdilar.
Xususan, QQS maʼmurchiligi,
yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi, xavflarni tahlil qilish
tizimi va Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiyalashga doir
masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Аyniqsa, DSQ rahbariyati
tomonidan avtomatlashtirilgan tizimlarning keng yoʼlga qoʼyilayotgani va soliq
tizimida biznes-jarayonlarni qayta koʼrib chiqilayotgani qoʼshni davlat
delegatsiyasi aʼzolarining alohida eʼtiborini tortdi.
Xavfni tahlil qilish tizimining
dasturiy mahsulotlari, elektron hisob-fakturalar, onlayn nazorat-kassa
mashinalari va markirovkalash kabi chora-tadbirlar katta qiziqish uygʼotdi.
– Oʼzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʼmitasi jamoasiga samimiy qabul va soliq
tizimi bilan samarali tanishtiruv uchun minnatdorlik bildirib qolamiz, – deydi
intervьyu davomida Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri oʼrinbosari Karim
Gulmurodzoda.
– Biz soliq tizimini
rivojlantirish strategiyasi, kontseptsiyasi va soliq maʼmuriyatchiligi boʼyicha
amalga oshirilayotgan qator yangiliklardan boxabar boʼldik. Bu yerda oʼrgangan
ayrim yangi yechimlarni oʼzimizda ham joriy etishni maqsad qilganmiz. Oʼz
navbatida, biz ham Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq
qoʼmitasi jamoasini Tojikistonda olib borayotgan islohotlarimiz bilan yaqindan
tanishish va tajriba almashish maqsadida yurtimizga taklif qilib qolamiz, dedi
K.Gulmurodzoda.
Uchrashuv yakunida tomonlar
esdalik sovgʼalari bilan almashib, istiqbolda samarali hamkorlik qilish
yuzasidan qiziqish bildirdilar.
DSQ Matbuot xizmati