Qishloq xo‘jaligi sohasida ayrim xizmat va texnikalarni ta’mirlash uchun soliq imtiyozlari joriy qilinmoqda
16/12/2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarori qabul qilindi.
Mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab quvvatlash maqsadida 2025-yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda qo‘llaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etilmoqda;
Qishloq xo‘jaligi texnikalarini taʼmirlash, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, ekin maydonlarini lazerli yer tekislagich yordamida tekislash, g‘o‘zani chilpish (chekanka) va defoliatsiyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga (bundan klasterlar mustasno) 2025-yil 1-yanvardan 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytirish tarzidagi imtiyozlar berilmoqda;
2025-yil 1-martdan boshlab respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlar uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlar (subsidiya, soliq, va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) mazkur texnikalarga GPS qurilmasini o‘rnatish sharti bilan beriladi;
Amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) foydalangan holda xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalari (1-ilovada to‘liq ro‘yxati keltirilgan) 3 yil davomida boshqa shaxslarga sotilganda, berilgan barcha imtiyozlar bekor qilinadi va imtiyoz summalari 25 foiz jarima qo‘llangan holda Davlat byudjeti daromadiga undiriladi.