Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, (Soliq kodeksi, 259-modda) tadbirkorlik subyektlari har oy yoki chorak (tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi oyiga bir milliard so‘mdan oshmaydigan soliq to‘lovchilar uchun) yakuni bilan QQS hisobotlarini soliq organlariga shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda taqdim etishi lozim.
Hisobot taqdim etish muddatlari ikki xil, yaʼni oylik va choraklik bo‘lganligi ayrim hollarda korxonalar tomonidan QQS salbiy farq summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) haqidagi arizalarning rad etilishiga sabab bo‘ladi.
Masalan: “M.A.” MCHJ aprel-iyul oyi uchun 500 mln. so‘m QQS salbiy farq summasini qaytarish bo‘yicha joriy yil 16-avgustda ariza taqdim etgan. Lekin uning kontragenti “JNK F.D.” MCHJ choraklik hisobot taqdim etuvchi korxona bo‘lganligi hamda 3-chorak uchun hisobot taqdim etmaganligi sababli “M.A.” MCHJning arizasi rad etilgan. (Asos: V.M. 489-son qarori, 14.08.2020-y.)
Bu kabi noqulayliklarni oldini olish maqsadida DSQ tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotlarini taqdim etish muddatlarini bir xillashtirish yuzasidan 2022-yil uchun budjet-soliq siyosati konsepsiyasiga taklif kiritilgan.