Soliq to‘lovchi majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tadi, lekin buni ixtiyoriy tartibda ham amalga oshirishi mumkin.
Majburiy tartib
Soliq kodeksining 237-moddasiga asosan QQS to‘lash majburiyati yuzaga kelgan shaxslar majburiy tartibni tanlagan holda ariza taqdim etadi.
2022-yil 1-iyuldan majburiy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda berish tartibi joriy etildi (PF-162 son Farmon).
Majburiy tartibni tanlagan holda ariza taqdim etilganda QQS guvohnomasi avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
QQS guvohnomasi berilgandan so‘ng, avtomatlashtirilgan tahlil tizimida soliq to‘lovchi soliq xavfi mezonlari bo‘yicha tekshiriladi.
Soliq xavfining yuqori mezonlari aniqlansa, soliq to‘lovchiga kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatilgan xabarnoma yuboriladi. Kamchiliklar 5 ish kuni ichida to‘g‘rilansa, QQS guvohnomasi faolligi vaqtinchalik to‘xtatilmaydi.
Ixtiyoriy tartib
QQS to‘lashga ixtiyoriy ravishda o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar bu haqda ariza taqdim etadi, bunda korxona keyingi oyning 1-sanasidan QQS to‘lashga o‘tadi.
Ariza taqdim etilgan zahoti avtomatlashtirilgan tizim 11 ta yuqori xavf mezoni bo‘yicha soliq to‘lovchi faoliyatini tahlil qiladi, ulardan hech bo‘lmaganda bittasi aniqlansa ham ariza rad etiladi. Uning shaxsiy kabinetiga aniqlangan kamchilik hamda uni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatilgan xabarnoma yuboriladi (VMQ-595 1-ilova 13-bandi).
Tizim tomonidan kamchilik aniqlanmaganda, subyekt joylashgan soliq organi 3 kun muddatda soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan manzilda haqiqatda mavjudligini o‘rganadi va belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Bir vaqtning o‘zida soliq organi 7 kunda soliq to‘lovchining xarid qilingan va sotilgan tovarlari muvofiqligi, soliq hisobotlarining o‘z vaqtida taqdim etilganligi bo‘yicha o‘rganadi va bu haqda dalolatnoma rasmiylashtiradi.
O‘rganishlar natijasida subyektda soliq xavfining yuqori darajasi aniqlanmaganda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi va Guvohnoma shaklantiriladi. Kamchilik aniqlanganda soliq to‘lovchi shaxsiy kabinetiga arizani rad etish sababi hamda kamchilikni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatilgan xabarnoma yuboriladi.
Ushbu barcha jarayonlar inson omili cheklangan holda to‘liq avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi.