2024-yil 22-aprelda “INNOPROM. Markaziy Osiyo 2024 xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “Markirovka tizimi: davlat va biznes uchun katta ma’lumotlar” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjon Fayzibayev, “ASL BELGISI” Mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish milliy tizimi mutaxassislari, xorijlik ekspertlar, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Muhokama jarayonida qulay ishbilarmonlik muhitini saqlab qolgan holda iqtisodiyotning soyadagi segmentiga qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida so‘z yuritildi.
Shu maqsadda soliq ma’muriyatchiligining eng zamonaviy mexanizmlari – elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa texniklari, Mahsulot va xizmatlarning yagona elektron milliy katalogi, xavflarni tahlil qilish tizimlari, raqamli markirovkalash kabi eng zamonaviy mexanizmlar joriy etilayotgani ta’kidlandi.
Respublikada raqamli markirovka tizimi 2020-yildan boshlab joriy qilingan. Ayni paytda tamaki, alkogolli mahsulotlar, pivo, maishiy texnika, dori-darmonlar, 2024-yil 1-martdan esa suv va salqin ichimliklar kabi 6 turdagi tovarlar markirovkalanmoqda.
Bugungi kunda “ASL BELGISI” raqamli markirovkalash tizimi katta hajmdagi ma'lumotlarni qabul qiladi, saqlaydi va qayta ishlaydi, buning natijasida Soliq qo'mitasida 66 mingdan ortiq turdagi markirovkalangan mahsulotlar haqida batafsil ma'lumotlar to‘plangan. 385 ta ishlab chiqaruvchi va 1 570 ta import qiluvchi korxonalarning ishlab chiqarish, import va sotish hajmlari to‘g'risida onlayn ma'lumotlar olinadi.
Soliq qo‘mitasi raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘yicha davlat koordinatori sifatida tizimning tahliliy salohiyatini ochishdan, uning asosida quyidagi foydali vositalarni yaratishdan manfaatdor:
1) davlat organlari uchun tovarlar harakatini qayd etishning onlayn platformasini yaratish, shuningdek, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda davlat budjetiga soliqlar va yig‘imlarning to‘liq tushumini ta’minlash imkonini beruvchi markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
2) biznes uchun adolatli va halol raqobat muhitini yaratish, qonuniy huquq va manfaatlarni himoya qilish, tovarlarni qalbakilashtirish va va kontrafakt tovarlardan himoyalanish;
3) aholi uchun xarid qilinayotgan tovarlarning sifati va qonuniyligini onlayn tekshirish mexanizmini yaratish.
Tizimni joriy etish natijalari O‘zbekiston bozorini oqartirish, ishlab chiqarish va import hajmini oshirish sohasida ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan tizim jadal modernizatsiya qilinmoqda, kiruvchi ma’lumotlarni onlayn nazorat qilish va validatsiya qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.
Tovarlarni markirovkalash nazorati boʻlimi