O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Jahon banki ishtirokidagi “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi PQ-178-son 24.03.2022-yil.
“Soliq ma’murchiligini isloh qilish” loyihasi besh yilga (2022–2027-yillar) mo‘ljallangan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Jahon banki Direktorlar kengashi tomonidan 2021-yil 16-iyundagi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan 60 mln. AQSh dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishi ma’qullanganligi qayd etilmoqda.
Olingan qarz summasi:
- soliq ma’muriyatchiligining asosiy biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga;
- yashirin iqtisodiyot hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlarini bartaraf etishga;
- davlat soliq organlarini kadrlari va institutsional salohiyatni mustahkamlashga;
- loyiha boshqaruvini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Loyihani o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, qarzdan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul hisoblanib, qo‘mita huzurida alohida bank hisob raqami ochchish huquqiga ega bo‘lgan Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.
Qaror loyihasi bilan Jahon bankining qarzni, foizlarni, vositachilik haqlari, shuningdek, bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha xarajatlarni qoplash O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasiga xarid qilinadigan texnika hamda asbob-uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish uchun maxsus xonalar tayyorlash, zarur shart-sharoitlar yaratish, loyihani muvofiqlashtirish va boshqarish, monitoringi va hisobotini yuritish bo‘yicha javobgarlik yuklatilgan.
Qaror bilan, Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish, sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish va soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanmoqda.
Loyihani amalga oshirilishi natijasida:
- soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasi 90 foizgacha yetkaziladi;
- soliq organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar sonini oshirish orqali tadbirkorlik subyektlarini elektron xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinadi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘ini undirish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish orqali ushbu soliqning undiruv darajasini 75 foizgacha yetkaziladi;
- soliq to‘lovchilarning soliq hisobotlarini tayyorlash, taqdim etish va soliqlarni to‘lash uchun vaqt sarfini 2 baravargacha kamaytiriladi.
Qaror ijrosini ta’minlanishi natijasida respublikada amalga oshirilayotgan soliq islohotlari yanada jadallashadi hamda soliq ma’muriyatchiligi samaradorligi oshirilishi ta’minlanadi.