Joriy yilning 21-iyul kuni Soliq qoʻmitasida yangi Mehnat kodeksi talablari asosida mehnat unumdorligini oshirishga bagʻishlangan psixologik trening oʻtkazildi.
Tadbir davomida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Jasur Mahmudov hamda masʼul xodimi Bobur Abdullayevlar tomonidan kasbiy stressning sogʻliqqa taʼsiri va uni kamaytirish usullari, shuningdek, ideal rahbar, soliqchi va tadbirkor munosabati mavzularida “Case solving” – masalalarni yechishga qaratilgan kvest-trening (psixologik trening) oʻtkazildi.
Interaktiv tarzda oʻtkazilgan kvest-treningda xodimlar jamoalarga boʻlinib “Ideal rahbar”, “Ideal soliqchi” va “Ideal tadbirkor” kabi mavzularda taqdimotlar tayyorladi.
Har bir jamoa taqdimotlarni oʻtkazishda originallik, amaliylik, noodatiylik va erkinlik tamoyillaridan foydalandi.
Tadbir yakunida eng faol ishtirokchilar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Soliq xizmati organlarida huquqiy targʻibot tadbirlarining psixologlar ishtirokida interaktiv tarzda oʻtkazilishi, avvalo maʼnaviy hordiq hisoblanadi. Bu esa, oʻz oʻrnida, mehnat unumdorligini oshirib, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash va toʻgʻri talqin qilish samaradorligini oshiradi.
Trening nafaqat bilim olish va koʻnikmalarni oshirish, balki jamoa boʻlib ishlash, oʻzaro fikr, tajriba va gʻoya almashish maydoniga aylandi.
Yuridik boshqarma