OʻRQ-910-son Qonun (20.02.2024) bilan Soliq kodeksining 159, 166 va 231-moddalariga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.
Xususan, Soliq kodeksining 159 va 166-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra endilikda soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi hamda soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarda sudga ham shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi. Avval faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilish huquqi tushuntirilgan.
Soliq kodeksining 231-moddasi birinchi qismiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra soliq organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bungacha faqatgina soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilgan.
Shuningdek, Qonun bilan Soliq kodeksining 231-moddasi toʻrtinchi qismidagi soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkinligi haqidagi norma chiqarib tashlandi.
Buning natijasida, soliq toʻlovchiga soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan norozi boʻlgan taqdirida yuqori turuvchi soliq organiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishi huquqi berildi.
Shuningdek, yuqoridagi Qonun bilan Soliq kodeksining 231-235-moddalariga kiritilgan oʻzgartirishlar avvaldagi mavjud moddalarni aniqlashtirish maqsadida kiritildi.
Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi