Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilgan “Soliq to‘lovchilar bilan samarali muloqot” o‘quv-seminarlari yosh xodimlarning kasbiy moslashuvini tezlashtirish, soliq xizmatining mijozlarga yo‘naltirilgan siyosati darajasini oshirish va soliq ma’muriyatchiligini strategik takomillashtirishni ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur mavzudagi birinchi o‘quv-seminari poytaxt va Toshkent viloyati soliq inspeksiyalarining 24 nafar yosh va istiqbolli xodimlari uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasi akademiyasida interfaol shaklda va tajribali psixologlar nazorati ostida tashkil etildi.
Unda faol ijtimoiy ta’limning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanildi – munozaralar, tajriba almashish, treninglar, turli o‘yinlar, vaziyatni loyihalash va boshqalar.
Tinglovchilar stressga chidamlilik, innovatsion fikrlash, ijodiy yondashuv, yetakchilik fazilatlari kabi sinovlardan o‘tdi.
– Soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatlarda muammoning strategik yechimiga bo‘lgan munosabat, uzoq muddatli usullardan foydalanish muhimdir, – deydi psixologiya fanlari nomzodi Nargis Bobojonova. – Bizning tinglovchilarimiz kundalik ish jarayonida muloqot vositalarini sinab ko‘rish bilan bir qatorda, vaziyatni “yuqoridan”, ya’ni kelajak uchun ko‘rib chiqishni o‘rganishdi.
“Miyani qayta tiklash” – ishtirokchilar seminarni shunday tasvirladi. Ular mijozlar bilan ijtimoiy-psixologik o‘zaro munosabatlar to‘g‘risida asosiy bilimlarga ega bo‘ldi, e’tirozlar, da’volar va tanqidlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni, rasmiy xulq-atvor, odob-axloq qoidalariga rioya qilishni o‘rgandi.
Treninglar yakunida test rejimida ishga tushirilgan yangi o‘quv dasturining amaliy va uslubiy qismini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar umumlashtirildi.
Rejalarga ko‘ra, yil davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining 2000 nafarga yaqini o‘qitiladi.
DSQ Matbuot xizmati.